Botanika bog‘ini hokimlikka berish tashabbusi vazirlikdan chiqqanmi?
Jamiyat
−
11 Oktabr 2023
4576Toshkentda joylashgan Botanika bog‘ining shahar hokimligi balansiga o‘tkazish borasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan kelishilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Vazirlik mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, Ekologiya vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda “Akademik F.Rusanov nomidagi Botanika bog‘i faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, ilmiy salohiyatini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, hududlarda ularning tajribasini qo‘llash va filiallarini tashkil etish” bo‘yicha qaror loyihasini kiritgan.
“Loyihada Botanika bog‘ining mavjud o‘simlik turlari tarkibini boyitish, sun’iy yaratilgan sharoitlarda yetishtiriladigan yovvoyi holda o‘suvchi hamda chet el floralariga mansub introdutsent o‘simliklar turlarini ko‘paytirish, mintaqaning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda turli sohalarda foydalanish uchun tajriba hamda realizatsiya qilish ko‘chatxonalarini tashkil etish, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan, noyob va yo‘qolib borayotgan O‘zbekiston florasi turlarini saqlash va tabiiy sharoitga reintroduksiya qilish, mahalliy va iqlimlashtirilgan dorivor o‘simliklar genofondini saqlash va boyitib borish ko‘zda tutilgan”, deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni Botanika bog‘ini Fanlar akademiyasi tasarrufidan poytaxt hokimligi tasarrufiga o‘tkazish haqidagi hukumat qarori e’lon qilingach, bu keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, Fanlar akademiyasi Botanika bog‘ining shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazilishiga ham keskin qarshilik qildi.
Shundan so‘ng, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Botanika bog‘ining Fanlar akademiyasi tasarrufidan chiqarilib, Toshkent shahar hokimligiga o‘tkazilmasligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida mazkur holatga munosabat bildirar ekan: Botanika bog‘i ko‘ngilochar joy emasligi, bu - butun shahar har kuni nafas olayotgan Toshkentning "o‘pkasi", ekanligini alohida urg‘uladi.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent Botanika bog‘iga fundamental va amaliy tadqiqotlarga ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida 1943 yilda asos solingan. Umumiy maydoni 66 gektardan iborat bo‘lgan bog‘da turli mintaqalardan jamlangan 2400 dan ortiq o‘simlik turlari va navlari o‘stirilmoqda. Mavjud ilmiy kolleksiyalarning salmog‘iga ko‘ra Markaziy Osiyoda yetakchilik qiladi.
LiveBarchasi