Botanika bog‘i Fanlar akademiyasi ixtiyorida qoladi – Saida Mirziyoyeva
Jamiyat
−
07 Oktabr 2023
8653Botanika bog‘i Fanlar akademiyasi ixtiyorida qoladigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
“Botanika bog‘i - bu ko‘ngilochar joy emas. Bu - butun shahrimiz har kuni nafas olayotgan Toshkentning "o‘pkasi". Bu - biz g‘ururlanadigan tarix. 70 yildan ortiq vaqt davomida iste’dodli olimlarimiz ushbu bog‘da bebaho daraxtlar va o‘simliklarni yetishtirdilar, ularga o‘z mehr-muhabbatini bag‘ishladilar. Yurtimizda bunday maskan boshqa hech qayerda yo‘q”, deydi Prezident yordamchisi.
Mirziyoyevaga ko‘ra, tabiatning ushbu bir parchasini asrab-avaylash, uni himoya qilish va kelajak avlodlarga yetkazish o‘zi, barcha mas’ullar va fuqarolarning burchi hisoblanadi.
“Men Botanika bog‘ini tijoriy tuzilmalar boshqaruviga topshirishga qat’iyan qarshiman. Uning bir santimetri ham ijarachi yoki quruvchilarga berilmasligi shart. Bog‘ni olimlar yaratgan va u olimlar ixtiyorida bo‘lishi, butun o‘zbekistonliklar uchun xizmat qilishi lozim. U Fanlar akademiyasi ixtiyorida qoladi”, deb yozgan Saida Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fanlar akademiyasi ushbu qaror loyihasiga nisbatan norozilik bildirgan va undan “Botanika” bog‘ini chiqarish bo‘yicha o‘z takliflarini project.gov.uz tizimi orqali yuborgandi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi esa mazkur masala bo‘yicha e’lon qilgan rasmiy munosabatida Botanika bog‘ining hokimlik tasarrufiga o‘tkazilishi haqida qarorning qabul qilinishiga davlat madaniyat va istirohat bog‘lariga tegishli bino-inshootlarning mol-mulki va yer maydonlarining noqonuniy begonalashtirilish holatlari aniqlanganini sabab qilib ko‘rsatgan.
Keyinroq Toshkent shahar hokimligi o‘z munosabatida Botanika bog‘i hokimlik tasarrufiga olinmagani va istirohat bog‘iga aylantirilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi