Mirziyoyeva jahon chempioni bo‘lgan shaxmatchi qizni tabrikladi
Sport
−
24 noyabr 2023
17836Avvalroq Italiyada o‘tkazilayotgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘zbekistonlik Afruza Hamdamova 14 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasidagi bahslarda muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva mazkur g‘alabasi uchun Afruza Hamdamovani tabrikladi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
“Afruza o‘tgan yili “Zakovat-Gambit” turnirining C toifasida g‘olib bo‘lgan edi, bugun esa u – jahon chempioni! Tabriklayman, Afruza! Bu – misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat, tengdoshlar uchun zo‘r motivatsiya va mamlakatimiz uchun iftixor manbaidir! Qizlarimiz uchun jahon birinchiliklari sari yo‘lni dadil ochib berganingiz uchun tashakkur!” degan Prezident yordamchisi.
Mirziyoyeva shuningdek, Afruzaning murabbiylariga va ota-onasiga ham rahmat aytgan.
Ma’lumot uchun, Montesilvano shahri mezbonlik qilayotgan bahslarda Afruza 10 turda 9 ochko jamg‘arib, barcha raqiblaridan 1 ochkoga oldinga chiqib olgan holda muddatidan oldin turnir chempionligiga ega chiqdi. Bu orqali Hamdamova shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasida ilk jahon chempioni sifatida qayd etildi.
LiveBarchasi