Bositxonovaning bozorchi ayollar haqidagi gaplariga izoh berildi
Jamiyat
−
13 iyul 2019
5799Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bozorlarda ishlaydigan ayollarda ma’naviyat va ma’rifatdan yiroqligini ta’kidlagandi. Bositxonova endilikda bozorlarda qo‘mitaning boshlang‘ich tashkiloti tuzilishini aytgandi.. Bozorda ishlaydigan ayollar ma’rifatsiz “bozorchi ayol” nomiga munosib bo‘lmasliklari uchun boshlang‘ich tashkilot xonasida ular bilan ma’rifiy suhbatlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.
Ammo Bositxonovaning aytganlari ijtimoiy tarmoqlar va OAVda turlicha talqinlarga sabab bo‘lgach, Xotin-qizlar qo‘mitasi noto‘g‘ri talqinga, to‘g‘ri munosabat bilan javob qaytardi.
“Aholimizni, jamoatchiligimizning bir qatlamini Xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatiga befarq emasligi, hatto tizimning tarixi, tuzilmasi, kadrlaridan tortib ilgari surayotgan g‘oyalarigacha tahlil qilganlarini ijobiy holat deb baholaganimizni ma’lum qilamiz.
Xabaringiz bor, 2019 yil 11 iyuldagi brifingda zo‘ravonlikdan jabr chekkan xotin-qizlarga ko‘mak berish, zo‘ravonlikni oldini olish masalasi muhokama qilingan edi.
Brifingda Toshkent shahridagi bozorlardan birida ishlayotgan 30 nafar sotuvchi ayollarning ularga munosib joy berilmayotgani, oftobda qiynalib savdo qilishayotgani, atrofdagilar va ba’zi mas’ullardan haqorat eshitayotgani yuzasidan Xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat etgani misol tarzida keltirilib, ana shu ayollarga bozorchi so‘zini haqorat ohangida aytayotgan mas’ullarni, atrofdagilarni munosabatini o‘zgartirish maqsadida bozorga ma’rifat olib kirish g‘oyasi ma’lum qilinganini ta’kidlaymiz.
Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy tarmoqlarda “bozorchi” va “bozorda ma’rifat yo‘q” degan fikrlar umumiy fikrdan uzib olinib, noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Qolaversa, talqinlarda va munosabat bildirishda inson va tashkilot sha’niga haqoratli so‘zlar aytilayotganini inobatga olib, ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirishning ham o‘z qoidalari borligini eslatmoqchimiz.
Xotin-qizlar qo‘mitasi blogerlarimiz tomonidan ochiq xat va munosabat shaklida kuyunchaklik bilan yozilayotgan bozordagi ayollarning sharoiti og‘irligi, ularga ko‘mak zarurligi bilan bog‘liq barcha holatlardan yaxshi xabardor.
Shu bois blogerlarimiz negadir esga olmagan ayollar hayotini yaxshilash borasidagi bir qancha yo‘nalishlar qatori, bozorlarda milliy qadriyatlarimiz va ulug‘ san’atimiz, adabiyotimiz namunalarini radiouzellar orqali o‘qib-eshittirish, kutubxonalar tashkil etish hamda Xotin-qizlar qo‘mitasining boshlang‘ich tashkilotini tuzish orqali o‘sha sotuvchi ayollarning haq-huquqlarini himoyalash, ularni munosib sharoitlarda ishlashini ta’minlash pozitsiyasini amalga oshirishda davomli ekanini ma’lum qilamiz”, deyiladi qo‘mita bayonotida.
LiveBarchasi