Bositxonova Nukusda namoyishga chiqqan ayollar bilan uchrashdi

Jamiyat 3320
image

Joriy yilning 1 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahri ayollar namoyishga chiqqani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgan edi. Kecha, 7 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova Nukusga yetib bordi. 

Voqeani o‘rganish jarayonida shikoyatchi Tileo‘biyke Uldasheva ijtimoiy-maishiy muammolari anchadan buyon hal etilmayotganini aytib, opadan yordam so‘ragan. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ishtirokida hudud rahbarlari bilan o‘tkazilgan suhbatda uning uy-joy masalasidagi shikoyati yuzasidan Nukus shahar hokimi P.Tureshevga arizachiga joylashtirilgan uyida yashashi uchun order berish vazifasi topshirilgan.

Uldashevani ish bilan ta’minlash va farzandini musiqa maktabiga joylash masalalari bo‘yicha esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri D.Xodjiyevga uni tibbiyot birlashmasiga farrosh sifatida ishga qabul qilish, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Nukus shahar kengashi raisi v.v.b P. Qazakbayevga uning farzandini musiqa maktabiga joylashtirish topshirig‘i berilgan. 

Arizachining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi ekani va shu maqsadda o‘zini bo‘sh bino bilan ta’minlash borasida yordam ko‘rsatishlari to‘g‘risidagi iltimosiga yechim topish vazifasi Nukus shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G. Abibullayevaga topshirilgan.

Shu kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova yana yigirma nafarga yaqin ayollarning dardlari, arzlari va shikoyatlarini eshitgan. 

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 71
Reyting: 3
t
×