Boshqa davlat fuqaroligini olgan o‘zbekistonliklar qonun bilan jazolanadimi?
Jamiyat
−
15 yanvar 2021
14411Boshqa davlat fuqaroligini olgan o‘zbekistonliklarga mamlakat qonunchiligida hech qanday jazo ko‘zda tutilmagan. Bu haqda IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Murodbekov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“O‘zbekiston fuqarolari orasida chet elga doimiy va vaqtincha yashashga ketganlar ko‘p. Ularning orasida boshqa davlat fuqaroligini qabul qilganlar ham bor. Rossiya, Qozog‘iston, Isroil va Germaniyada bunday uqarolarimiz juda ko‘p”, deydi boshqarma boshlig‘i.
Unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq faqat O‘zbekiston fuqaroligi tan olinadi. Xorijga chiqib ketgan o‘zbekistonlik fuqarolikdan voz kechmagan holda chet el pasporti bilan kirib kelsa, u O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan olinadi.
Agarda uning O‘zbekiston fuqaroligi pasporti yo‘qolgan yoki amal qilish muddati tugagan bo‘lsa, unga yangi O‘zbekiston fuqaroligi pasportini, hozirgi kunda ID-karta rasmiylashtirib beriladi.
“Xohishiga ko‘ra, xorijga chiqish pasporti ham rasmiylashtirib beriladi. Bu yerda hech qanday qonunbuzarlik yoki salbiy holat yo‘q. Faqat O‘zbekiston fuqaroligidan chiqmagan bo‘lsa, mamlakat fuqarosi sifatida tan olamiz. Tegishli tartibda fuqarolikdan chiqqan bo‘lsa, uni vaqtincha ro‘yxatga olib, kelgusida doimiy yashash uchun ruxsatnoma ham berishimiz mumkin. Bu bo‘yicha chegaralarda va boshqa xizmatlarda muammolar bo‘lmaydi”, deydi Dilshod Murodbekov.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda O‘zbekiston fuqaroligini berish tartibida o‘zgarish bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida mamlakatda 15 yil davomida uzluksiz yashagan shaxslarga avtomatik ravishda fuqarolik berish tartibini joriy qilish taklifini bergandi.
LiveBarchasi