Bosh vazirlikka yangi nomzod ko‘rsatildi. U Prezidentga begona emas
Olam
−
06 fevral 2024 42641 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga “Amanat” partiyasidan Oljas Bektenovning nomzodi Bosh vazir lavozimiga taklif qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Parlament majlisi raisi, “Amanat” partiyasi raisi Yerlan Koshanov “Amanat” siyosiy partiyasi nomidan Oljas Bektenov nomzodini Qozog‘iston Bosh vaziri lavozimiga taklif qilgan. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, davlat rahbari bugun soat 15:00 da taklif etilgan nomzodni parlamentdagi partiya fraksiyalari rahbarlari bilan muhokama qiladi.
Oljas Bektenov To‘qayevga begona emas, u o‘tgan yilning aprel oyidan buyon Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bungacha u ikki marta – 2022 yil fevral va noyabr oylarida Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati rahbari lavozimiga tayinlangan. Bektenov o‘tgan yillar davomida Adliya vazirligi, Moliya politsiyasi, Ostona shahri hokimi devoni va Qozog‘iston Respublikasi Davlat xizmati ishlari va korrupsiyaga qarshi kurash agentligida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 fevral kuni Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqqan edi. Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi tasdiqlanmagunga qadar barcha idoralarga sobiq vazirlar rahbarlik qiladi. Hukumat rahbari lavozimini 2022 yil yanvaridan Alixon Smailov egallab kelmoqda. Hukumat iste’foga chiqqanidan so‘ng u Qozog‘iston xalqiga murojaat qilib, o‘z faoliyati natijalarini sarhisob qildi. Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining vazifalari vaqtinchalik Roman Sklyarga yuklatildi. Keyinroq Qozog‘iston Prezidentining matbuot kotibi Berik Uali Qozog‘istonda hukumat iste’foga chiqqanidan keyin nima bo‘lishini va yangi Vazirlar Mahkamasi qachon shakllantirilishini aytdi.