Bosh vazirlar jangi: Orban tarafdorlarini Madyarning “zulmi”ga qarshi turishga chaqirdi

Olam

image

Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orban aprel oyidagi saylovda 16 yillik hokimiyatiga yakun yasalganidan so‘ng ilk bor keskin siyosiy bayonot bilan chiqib, tarafdorlarini mamlakatda demokratiyani tiklashga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 21 iyul kuni kechqurun Facebook sahifasida “Qarshilik bayonoti”da so‘z ochdi.

Bu Orbanning “Fidesz” partiyasi prokuratura partiya internet serverlari joylashgan binolarda tintuv o‘tkazganini ma’lum qilganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi. Prokuratura tintuv Orban hukumati davridagi Milliy madaniyat jamg‘armasida “o‘zlashtirish va boshqa jinoyatlar” bo‘yicha tergov bilan bog‘liq ekanini bildirgan.

Sobiq bosh vazir jurnalistlarga prokurorlar partiya a’zolarining ma’lumotlar bazasi va elektron xatlari saqlangan serverlarni olib ketganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “Fidesz” partiyasi faoliyatini qonuniy jihatdan imkonsiz qilishga qaratilgan siyosiy harakatdir.

“Milliy madaniyat jamg‘armasi bilan bog‘liq masala faqat bahona edi”, degan Orban va hech qanday qonunbuzarlik bo‘lmaganini ta’kidlagan.

Orban Facebook'dagi bayonotida Bosh vazir Peter Madyar boshchiligidagi yangi markaz-o‘ng hukumat Prezident va Konstitutsiyaviy sud raisi vakolatlarini muddatidan avval tugatuvchi konstitutsiyaviy o‘zgartishlarni qabul qilgach, Vengriya “demokratik davlat bo‘lishdan to‘xtaganini” aytgan.

“Tisza” partiyasi esa siyosiy raqiblarga nisbatan avtoritar siyosat yuritayotganini rad etmoqda. Partiya korrupsiyaga qarshi kurashish va Vengriyani yana Yevropa Ittifoqining asosiy siyosiy yo‘liga qaytarishni maqsad qilganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, korrupsiya Orban hukumati davrida keng tarqalgan.

Orban esa korrupsiya haqidagi ayblovlarni inkor etib keladi.

“Shu tariqa yaratilgan yangi siyosiy tizim noqonuniydir... “Fidesz” parlament ichida ham, tashqarisida ham hokimiyat suiiste’mol qilinishiga qarshi barcha tinch vositalardan foydalanadi”, degan Orban.

Peter Madyarning “Tisza” partiyasi parlamentda konstitutsiyani o‘zgartirish imkonini beruvchi ko‘pchilik tarafdorlariga ega. Madyarning aytishicha, bu Orban davrida qabul qilingan va demokratiyaga zarar yetkazgan qonunlarni bekor qilish imkonini beradi.

Shu oy boshida Median sotsiologik markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, “Tisza” partiyasini aholining 60 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda. “Fidesz” partiyasi reytingi esa 18 foizni tashkil etgan. Saylovdan keyin “Fidesz” partiyasida ichki inqiroz kuchayib, o‘tgan hafta uning parlamentdagi fraksiyasi rahbari iste’foga chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, konstitutsiyaviy o‘zgartishlar 2024 yilda “Fidesz” partiyasi deputatlari tomonidan saylangan Prezident Tamash Shuyokning vakolatini muddatidan avval tugatdi. Hujjatda bunga jamiyatning unga bo‘lgan “jiddiy ishonchsizligi” sabab qilib ko‘rsatilgan.

Shundan so‘ng, Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar mamlakatning keyingi prezidenti lavozimiga barcha davrlarning eng kuchli ayol shaxmatchisi sifatida tan olingan Yudit Polgar nomzodini taklif qilgan edi.

Biroq Yudit Polgar bu taklifni rad etdi. Yaqin kunlarda parlament yangi prezidentni saylashi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing