Afsonaviy shaxmatchi prezidentlik taklifini rad etdi
Olam
−
21 iyul 4127 2 daqiqa
Avvalroq, Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar mamlakatning keyingi prezidenti lavozimiga barcha davrlarning eng kuchli ayol shaxmatchisi sifatida tan olingan Yudit Polgar nomzodini taklif qilgan edi. Biroq Yudit Polgar bu taklifni rad etdi. Bu haqda u kecha, 20 iyul kuni o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Vengriya parlamenti Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarni qabul qilgach, Prezident Tamash Shuyokning vakolatlari yakunlangan. Shundan so‘ng, Bosh vazir Peter Madyar Yudit Polgarni prezidentlikka nomzod sifatida taklif qilgan.
Polgar ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilganini hayotidagi eng katta sharaf deb atab, mustaqil va partiyalardan xoli nomzodni izlagani uchun Bosh vazirga minnatdorlik bildirgan. Biroq u prezidentlik lavozimini egallashga tayyor emasligini aytgan.
“Tarixiy jihatdan bo‘lingan xalqni birlashtirishdek mas’uliyatni o‘z zimmamga olish uchun o‘zimni yetarlicha kuchli deb hisoblamayman. Shu sababli, bu taklifni qabul qila olmayman”, degan Polgar.
Shuningdek, u prezidentlik saylovida ko‘rsatiladigan boshqa mustaqil nomzodni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Qayd etilishicha, Peter Madyar boshchiligidagi “Tisa” partiyasi parlamentda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun zarur ko‘pchilikni qo‘lga kiritgan. Konstitutsiyaviy o‘zgartirish kuchga kirgach, Madyar ilm-fan, madaniyat va sport sohalaridagi 16 nafar taniqli shaxs tavsiyasi bilan Yudit Polgar nomzodini ilgari surgan.
“Aziz Yudit! Vengriya uchun qilgan barcha ishlaringiz uchun rahmat! Millionlab vengerlar nomidan shuni ayta olamanki, boshqa bir rolda bo‘lsa ham, kelajakda ham sizga umid bog‘laymiz”, deb yozgan Peter Madyar Polgarning qaroriga munosabat bildirib.
Ma’lumot uchun, Yudit Polgar tarixdagi eng kuchli ayol shaxmatchi sifatida e’tirof etiladi. U 1976 yil 23 iyulda Vengriya poytaxti Budapeshtda tug‘ilgan. Polgar 1991 yilda 15 yosh-u 4 oyligida grossmeyster unvonini (shaxmat va shashkadagi eng yuksak sport unvoni) qo‘lga kiritib, o‘sha paytda Bobbi Fisherga tegishli bo‘lgan eng yosh grossmeyster rekordini yangilagan. U, shuningdek, FIDE (Xalqaro shaxmat federatsiyasi) reytingida 2700 ochkolik marradan oshgan va jahonning eng kuchli 10 nafar shaxmatchisi qatoriga joy olgan yagona ayol hisoblanadi. Faoliyati davomida Garri Kasparov, Anatoliy Karpov, Vishvanatan Anand, Vladimir Kramnik va Magnus Karlsen kabi amaldagi hamda sobiq jahon chempionlari ustidan g‘alaba qozongan. 2014 yilda professional sportdagi faoliyatini yakunlagan Polgar hozirda shaxmatni ommalashtirish, ta’lim loyihalari va xalqaro turnirlarda sharhlovchilik bilan shug‘ullanadi.
Live
Barchasi