Bosh telekanal ko‘p yillik yolg‘onlari uchun xalqdan uzr so‘radi

Olam

image

Kecha, 7 iyul kuni Vengriyada davlatga qarashli MTVA teleradiokompaniyasi hukumat qarori bilan efirni to‘xtatdi. Ular sobiq hukumat davrida yuritilgan tahririyat siyosati uchun jamoatchilikdan uzr so‘radi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Telekanal va uning rasmiy internet sahifasida e’lon qilingan bayonotda davlat ommaviy axborot vositalarining asosiy vazifasi haqiqatni yetkazish ekani, biroq bu tamoyilga yillar davomida amal qilinmagani tan olindi.

“Jamoat OAVlari yolg‘on gapirmasligi kerak. Biz esa yillar davomida bunga amal qilmaganimiz uchun uzr so‘raymiz. Endi davlat OAVlari mustaqil va ishonchli tizimga aylantirilmoqda. Axborot xizmati vaqtincha to‘xtatildi. Biz bilan qoling”, – deyiladi murojaatda.

Bu o‘zgarishlar joriy yilgi saylovlardan so‘ng hokimiyatga kelgan bosh vazir Peter Madyar hukumatining tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, yangi hukumat davlat OAV tizimini isloh qilish va uni siyosiy ta’sirdan xoli tuzilmaga aylantirishni maqsad qilgan.

”Bu tarixiy kun. Ular kechayu kunduz barcha efir to‘lqinlarida yolg‘on gapirdi. Endi bunga barham berildi”, dedi Vengriya bosh vaziri Peter Madyar.

Sobiq bosh vazir Viktor Orban 1998–2002 yillarda hamda 2010 yildan 2026 yilgacha Vengriya hukumatini boshqargan. Bloomberg'ning qayd etishicha, so‘nggi 16 yil davomida davlat ommaviy axborot vositalari ustidan nazorat uning hokimiyatini saqlab qolishda muhim omillardan biri bo‘lgan. Shu davr ichida davlat televideniyesi va radiosi hukumat faoliyatini asosan ijobiy yoritib, muxolifat vakillariga esa cheklangan efir vaqti ajratgani uchun xalqaro tashkilotlar va media kuzatuvchilari tanqidiga uchragan.

Yangi hukumat endilikda davlat media tizimini qayta shakllantirish, tahririyat mustaqilligini kuchaytirish hamda xolis jurnalistika tamoyillarini tiklash ustida ish olib borayotganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning, 12 aprel kuni Vengriyadagi parlament saylovarida Bosh vazir Viktor Orban mag‘lubiyatni tan olgandi. U hatto muxolifatda bo‘lsa ham mamlakatga xizmat qilishini bildirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing