Bosh prokuratura Toshkentda ayol 7 yashar qizini pichoqlab o‘ldirganini tasdiqladi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahrining Sergeli tumanida ayol 7 yashar qizini pichoqlab o‘ldirgani xabar qilingandi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura matbuot kotib Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi. 

Uning ma’lum qilishicha, Toshkent shahrining Sergeli tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro Z.T. voqea sodir bo‘lgan kuni o‘zini noodatiy tutib, oshxonada turgan o‘tkir tig‘li jism (oshxona pichog‘i) bilan qurollanib, 2018 yilda tug‘ilgan farzandi Z.A.ga tan jarohatlari yetkazgan. Qizaloq olgan olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur holat bo‘yicha joriy yilning 8 sentyabr kuni Sergeli tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi ayol Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 28 yanvar kuni ham Toshkent hayvonot bog‘ida shu ayol va uning qizi ishtirokida mudhish hodisa yuz bergandi. Soat taxminan 12:00 larda yosh ayol noma’lum sabablarga ko‘ra odamlarning ko‘z oldida o‘z qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan. Ayiq qizaloqqa zarar yetkazmagan. Hayvonot bog‘i xodimlari ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo‘lgan.

2018 yilda tug‘ilgan qizaloqqa dastlab hayvonot bog‘i hamshirasi birinchi yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, tez yordam mashinasida soat 13:30 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. O‘shanda ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Prokuratura qizini ayiq qafasiga uloqtirgan ona 2021 yilning iyul oyidan buyon ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turishini ma’lum qilgan. Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi esa ayol oliy ta’lim muassasasida dars berishini va turmush o‘rtog‘i bilan ajrayotganini ochiqlagan. O‘sha yilning aprel oyida ayol Jinoyat kodeksining og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilishni nazarda tutuvchi moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy davolanishga yuborilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Sergeli ayol qiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing