Bosh prokuratura: “Karantin hududidan qochganlarga jinoiy ish ochildi”
Jamiyat
−
22 mart 2020
6952Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirus aniqlangan davrda Rossiyadan olib kelingan uch nafar o‘zbekistonliklar karantin hududidan qochgani, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur holat bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, prokuratura organlari tomonidan mamlakatda COVID-19 koronavirusi infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, sanitariyaga oid qonun hujjatlari va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalariga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.
Bosh prokuraturaning ma’lumotida keltirilishicha, “murakkab sharoitda amalga oshirilayotgan keng qamrovli tushuntirish ishlari va ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, chet eldan qaytib kelgan va karantinga joylashtirilgan ayrim fuqarolarimiz tomonidan amaldagi qonunlarni qo‘pol ravishda buzish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda”.
Jumladan, 2020 yil 16 mart kuni Janubiy Koreya Respublikasidan Rossiya Ferderatsiyasi orqali Samarqandga kelgan fuqaro A. A. (1989 y.t.) koronavirus (COVID-19) kasalligiga chalinganlikda gumonlanib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Biroq, fuqaro A.A. epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o‘zboshimchalik bilan shifoxonadan qochib ketgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida u Surxondaryo viloyatining Denov tumanida ushlandi.
Shuningdek, 2020 yil 19 mart kuni Rossiya Federatsiyasining Samara shahridan O‘zbekiston Respublikasiga kelgan fuqaro E.T. (1954 y.t.) koronavirus (COVID-19) kasalligiga chalinganlikda gumonlanib, Samarqand viloyatidagi “Do‘stlik” oromgohida karantinga joylashtirilgan. Shunga qaramay, fuqaro E.T. epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o‘zboshimchalik bilan karantin zonasidan qochib ketganligi aniqlangan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida fuqaro E.T. Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi yashash uyida ushlandi.
Bundan tashqari, 2020 yil 19 mart kuni Rossiya Federatsiyasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga kelgan fuqaro Sh. R. (1990 y.t.) koronavirus (COVID-19) kasalligiga chalinganlikda gumonlanib, Nukus shahridagi Respublika bolalar sanatoriyasiga karantinga joylashtirilgan. Birok, fuqaro Sh.R. ham epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o‘zboshimchalik bilan karantin zonasidan qochib ketganligi aniqlangan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida fuqaro Sh.R. Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida ushlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan joriy yilning 21 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25, 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, yuqorida qayd etilgan fuqarolarning barchasi gumondor tariqasida protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura karantin va cheklov tadbirlarini buzish, kasallik o‘chog‘iga borganlik hamda bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlik haqidagi ma’lumotlarni yashirganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatmoqda.
Eslatib ўtамиз, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 42 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi