Rasman: O‘zbekistonda koronavirusga qarshi choralar kuchaytirildi
Jamiyat
−
22 mart 2020
18320O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining ommaviy tarqalishining oldini olish maqsadida joriy yilning 23 martidan e’tiboran bir qator cheklovlar o‘rnatilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorda aytilgan.
Mamlakat hududida bemorlar yoki kasallikka shubha qilingan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash va mamlakat bo‘ylab kasallik tarqalishini oldini olish, shuningdek, majlisda ko‘rilgan boshqa masalalar yuzasidan respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi.
Qaror bilan bir qator cheklovlar o‘rnatilib, muayyan choralar ko‘rilmoqda.
23 mart kuni soat 00:01 dan boshlab respublika chegara hududlaridagi mavjud chegara o‘tkazish punktlari barcha shaxslar uchun (O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan boshqa mamlakat fuqarolaridan tashqari) yopiladi.
23 martdan boshlab Toshkent shahridagi barcha korxona va muassasalarga (mulkchilik shaklidan kat’i nazar) asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda ishchi va xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan ishchilarning faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etiladi.
Xodim va ishchilar o‘z ish joyida shaxsiy himoya vositalari (niqob)da bo‘lishi talab etiladi, shuningdek karantin choralarini buzganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar qo‘llaniladi.
23 martdan Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida, jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz bo‘lgan shaxslarga “ogohlantirish” beriladi.
25 mart kuni soat 6:00 dan boshlab ushbu holat qayd etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Tibbiy himoya vositalari, xususan, niqoblarning tanqisligini sun’iy vujudga keltirib, narxini oshirgan “tadbirkor”larga qat’iy choralar ko‘riladi.
Eslatib ўтамиз, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 42 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi