O‘zbekistonda bir bemor 16 kishiga koronavirus yuqtirdi
Jamiyat
−
22 mart 2020
50108Koronavirus O‘zbekistonga ham yuqori darajada xavf tug‘dirmoqda. Bugungacha ushbu xastalikka chalinganlar 42 kishini tashkil etmoqda. Qayd etilishicha, kasallanganlarning 16 nafari ushbu virusni yuqtirib olgan bir kishi bilan aloqada bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
“Joriy yilning 15 martidan 22 mart kuniga qadar yurtimizda ushbu kasallik 40 nafardan ziyod shaxslarda aniqlangan bo‘lsa, kasallikning 16 tasi 1 bemor bilan kontaktda bo‘lganlarda uchragan. Bunday vaziyatda eng asosiysi, o‘zaro muloqotni kamaytirish, kasallik yuqishining oldini olish borasidagi tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish zarurligini ko‘rsatmoqda”, deydi vazir.
Ayni vaqtda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashni kuchaytirish va karantin rejimi davrida xavfsizlik va jamoat tartibini ta’minlash hamda boshqa mutasaddi idoralar bilan o‘zaro axborot almashish va ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida, Vazirlik va hududiy ichki ishlar organlarida tezkor shtablar tashkil etilgan.
“Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 27 fevralidan 22 martiga qadar mamlakatimizga chegara orqali kirib kelgan jami 837 000 nafar fuqarolar chegara xizmati va tibbiyot xodimlari bilan birgalikda ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tibbiy ko‘rik davomida epidemik vaziyat noxush bo‘lgan davlatlardan kelgan 19 479 nafar shaxslar aniqlanib, yashash manzili bo‘yicha 14 kunlik tibbiy kuzatuvga yuborilgan.
Bugungi kunda, 14 kunlik karantinga olinganlarning 6 748 nafari Sog‘liqni saqlash vazirligining xulosasi asosida tibbiy kuzatuvdan chiqarilgan bo‘lib, 12 731 nafari tibbiy kuzatuvda qolmoqda.
Tibbiy kuzatuvdagi shaxslardan 7 416 nafari shifoxonalarda, 5 315 nafari uy sharoitida saqlanmoqda. Uy sharoitida karantin o‘tayotgan fuqarolar, belgilangan qoidalarga rioya qilishlari, karantin tartiblarini buzib tashqariga chiqishlarini oldini olish va aholining xotirjamligini ta’minlash maqsadida, jami 9 564 nafar, ya’ni har bir uyga bir nafardan profilaktika inspektori, shuningdek, mahalla raisi va tibbiyot xodimlari biriktirilgan”, deydi Po‘lat Bobojonov.
Qayd etilishicha, uy sharoitida “oilaviy karantin”da saqlanayotgan barcha fuqarolar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) va Jinoyat kodeksining 2571-moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan tanishtirilib, rasmiy ogohlantirilgan.
“Maxsus ajratilgan davolash va boshqa muassasalarda “umumiy karantin”da saqlanayotgan, tibbiy kuzatuvdagi shaxslarning belgilangan qoidalarga rioya qilishlari, karantin tartiblarini buzib tashqariga chiqishlarini oldini olish, bir so‘z bilan aytganda, sanitariya cheklovlarini ta’minlash maqsadida, ushbu maskanlar Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hamda Ichki ishlar va Milliy Gvardiya xodimlari tomonidan qo‘riqlovga olingan.
Chet ellarda bo‘lgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizga qaytarish borasidagi sa’y-harakatlar natijasida, bugungi kunga kelib, 8 ta avia va
11 ta temir yo‘l reyslari orqali xorijiy mamlakatlarda bo‘lgan 4 173 nafar fuqarolar mamlakatimizga evakuatsiya qilinib, 22 ta tibbiyot muassasalariga joylashtirildi.Yuqoridagi harakatlarning barchasi respublikamiz hududida ushbu xavfli infeksiyaning keng tarqalib ketishining oldini olish, har bir yurtdoshimiz salomatligini qat’iy muhofaza qilishga qaratilgan”, deya qo‘shimcha qiladi Ichki ishlar vaziri.
Eslatib ўtaмиз, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 42 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi