Bolgariyada vabo aniqlandi
Olam
−
14 Sentabr
2640Bolgariyada 103 yil ichida birinchi marta vabo qayd etildi. Kasallik aniqlangan bemor Hindiston fuqarosi bo‘lgan. Bu haqda “Novinite” xabar berdi.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bemor 13 avgustdan 2 sentyabrgacha Nyu-Dehlida bo‘lib qaytgan 23 yoshli Hindiston fuqarosi ekanligi aniqlangan. Sofiya viloyat sog‘liqni saqlash inspeksiyasining aniqlik kiritishicha, 3 sentyabr kuni erkakda o‘tkir diareya belgilari paydo bo‘lgan. Laboratoriya tekshiruvi natijasida unga vabo kasalligi tashxisi qo‘yilgan. Shundan so‘ng, hindistonlik poytaxtdagi parazitar va yuqumli kasalliklar shifoxonasining alohida hammomi bo‘lgan palatasiga yotqizilgan.
Nashrga ko‘ra, bemorning umumiy salomatligi yaxshi. U bilan birga yashaydigan qo‘shnisi ham karantinga olingan, ammo tekshiruvlar natijasida unda kasallik aniqlanmagan.
Ma’lumot uchun, vabo zaharlangan oziq-ovqat yoki suv tanaga kirganda “Vibrio cholerae” bakteriyasi keltirib chiqaradigan o‘tkir diareya infeksiyasidir. Bu jiddiy oshqozon-ichak muammolariga, suvsizlanishga va o‘limga olib kelishi mumkin.
Vabo tarixan Hindistonda keng tarqalgan bo‘lib, Ganga daryosi infeksiyaning asosiy manbai bo‘lgan. Kasallik XX asrning boshlarida butun dunyoga tarqalib, bir qancha pandemiyalarni yuzaga keltirgan. Bolgariyada vabo 1920 yillarning boshlariga qadar jiddiy muammo bo‘lib, oxirgi yirik epidemiya 1914-1918 yillarda, keyin esa 1921 yilda kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Ichki ishlar vaziri Jerald Darmaninga tarkibida qora kukun bo‘lgan maktub yuborilgan, unda dastlabki sinovlar vabo tayoqchasining izlarini aniqlagan edi.
LiveBarchasi