Bolgariyada Prezident konstitutsiyani o‘zgartirishga qarshi chiqdi

Olam

image

Bolgariya Prezidenti Rumen Radev yangi yil arafasida mamlakat parlamenti deputatlarining ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qildi. Bu haqda Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Radev ikki fuqaroligi bo‘lgan shaxslarga deputat va vazir bo‘lish huquqini beruvchi, texnik hukumatni tayinlashning yangi tartibini va turli qonun chiqaruvchi organlarning vakolat muddatini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qabul qilingan tuzatishlarni konstitutsiyaga zid deb hisoblaydi.

Shuningdek, konstitutsiyaning o‘zgartirishlar kiritilgan variantidagi “Sud hokimiyati” bobida Oliy sud raislari va bosh prokurorni tayinlash davlat rahbarining farmonisiz amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Prezident bunga ham qarshi chiqqan. 

Radevning fikricha, parlament tomonidan qabul qilingan ushbu tuzatishlar qonunchilikka zid keladi hamda asosiy hokimiyat va o‘zaro nazorat o‘rtasidagi muvozanatni buzadi.

Yaqin kunlarda muxolifatdagi “Uyg‘onish” va “Shunday xalq bor” partiyalari vakillari bahsli qonunni bekor qilishni talab qilib, Konstitutsiyaviy sudga shikoyat qilishlari kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Bolgariya Rumen Radev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing