Bolgariya 2026 yilda yevroga o‘tadi

Olam

image

Yevrokomissiya va Yevropa markaziy banki Bolgariyaning 2026 yil 1 yanvardan boshlab yevro kupyurasiga o‘tishini ma’qulladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Bugun, 4 iyun kuni e’lon qilingan qarorga ko‘ra, Bolgariya hukumati yevroga a’zo bo‘lish uchun zarur bo‘lgan barcha mezonlarga javob bergan.

“Bugun Bolgariya yevroni qabul qilishga bir qadam yaqinlashdi”, deya ushbu qarorni izohlagan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen.

Unga ko‘ra, Bolgariya yevro hududining asosiy qarorlarida o‘z o‘rnini egallay boshlagan.

Yevropa markaziy banki bosh iqtisodchisi Filip Leynning ta’kidlashicha, Bolgariya hukumati so‘nggi yillarda zarur iqtisodiy islohotlarni amalga oshirgan.

Dastlab Bolgariya yuqori inflyatsiya tufayli yevroga o‘ta olmagan edi. Ammo 2024 yilda mamlakatdagi inflyatsiya darajasi 2,7 foizni tashkil etgan – bu yevro hududiga kirish uchun qo‘yilgan barqaror narxlar mezoniga yaqin ko‘rsatkichdir.

Agar yakuniy qarorni Yevropa Ittifoqi moliya vazirlari iyul oyida tasdiqlasa, Bolgariya 2026 yil 1 yanvardan boshlab yevro hududining 21-a’zo davlati bo‘ladi. Shuningdek, u yevro hududidagi eng kambag‘al davlat maqomiga ega bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda Bolgariyada rasmiy pul birligi sifatida bolgar levi ishlatiladi. Lev birinchi marta 1881 yilda muomalaga kiritilgan bo‘lib, bu nom eski bolgar tilida “sharqiy sher” degan ma’noni anglatadi. Lev 100 stotinkaga bo‘linadi va uning valyuta kodi BGN hisoblanadi.

Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi davrlarda Bolgariya iqtisodiyoti bir necha bor inflyatsiyaga uchrab, milliy valyuta o‘z qiymatini yo‘qotdi. Ayniqsa 1990 yillarda, Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy tanglik davrida lev keskin qadrsizlandi. Oqibatda 1997 yilda mamlakatda og‘ir moliyaviy inqiroz ro‘y berdi.

2020 yilda Bolgariya Yevropa markaziy bankining valyuta kursi mexanizmiga qo‘shildi, bu esa mamlakatning yevroga o‘tishga tayyorgarlik bosqichlaridan biridir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina jahon savdosining tarqoqligi va Yevropa bilan aloqalarni mustahkamlash fonida AQSH dollaridan yevroga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

evro Bolgariya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing