Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida qonun qabul qilindi
Jamiyat
−
15 noyabr
2154Kecha, 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Bildirilishicha, qonun 5 bob va 51 moddadan iborat bo‘lib, qonun bilan bolaga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasi va jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlikdan tashqari uning yangi shakllari – g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilar ham e’tirof etilmoqda.
Shuningdek, davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘rishi, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilishi va ularning huquqlarini tiklashi hamda ularni ijtimoiy moslashtirish uchun zarur bo‘lgan samarali choralar ko‘rishi qonunan belgilanmoqda.
Xususan, mutasaddi organlarning bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid maxsus vakolatlari, o‘zaro ishlash mexanizmi va mas’uliyati doirasi ko‘zda tutilmoqda.
“Muhimi, qonun bilan nafaqat zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalarni himoya qilish, balki zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash va ularga nisbatan zo‘ravonlik xavflarini bartaraf etish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 21 oktyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan 978-sonli qonun bilan O‘zbekistonda bolalarga nisbatan uning yaqin qarindoshlari tomonidan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilangandi. Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirildi.
LiveBarchasi