Bolalarga zo‘ravonlik qilgan tarbiyachi va pedagoglarga jazo kuchaytirildi

Jamiyat

image

Ta’lim tashkilotlarida voyaga yetmagan bolalarga jismoniy zo‘ravonlik qilgan, ularni kamsitgan yoki xo‘rlagan tarbiya va ta’lim berishga mas’ul shaxslarga nisbatan jarima belgilandi. Bu haqda kecha, 11 sentyabr kuni qabul qilingan 1174-sonli qonunda so‘z boradi.

Qonunga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalar asosida ta’lim tashkilotida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish majburiyati yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, shuningdek, uni kamsitish yoki xo‘rlash kabi harakatlarda ifodalangan tarzda tahqirlash, agar qilmishda jinoyat yoki belgilangan boshqa huquqbuzarlik alomatlari bo‘lmasa, BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lgan voyaga yetmagan bolaga aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga ota-onadan yoki ulardan biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha ishlar ko‘rilayotganda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ham jalb etiladi.

Bundan tashqari, pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarga 1 yil davomida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.

Ushbu cheklov maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, professional ta’lim tashkilotlari hamda bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etiladi.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 1246 qisqa raqami orqali bolalarga zo‘ravonlik haqida xabar berish uchun koll-markaz ishga tushgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun bilan zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning himoyasi kuchaytirilishi belgilangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing