Bolalar Ombudsmani Farg‘onada IIBdan bola jasadi chiqqani haqidagi xabarlarga “tepki” berdi

3-sahifa

image
Yana bir mahkum vafot etdi. Kuzatuv kameralaridagi yozuv qani?  north_east

Yana bir mahkum vafot etdi. Kuzatuv kameralaridagi yozuv qani? 

Joriy yilning 7 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada IIB binosidan 15 yoshli o‘smirning murdasi chiqqani haqida xabarlar tarqalgandi. Unda shu yilning 17 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan “IIBning voyaga yetmaganlarga huquqiy yordam ko‘rsatish markazi”dan Uchko‘prik tumani “Sulton” MFYda yashovchi 9-sinf o‘quvchisi A.R.ning vafot etgani aytilgan.

O‘zbekiston Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) mazkur xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, holat Bola huquqlari bo‘yicha vakil  nazoratiga olinib, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilingan.

Hozirda muassasadagi mavjud holat Bolalar Ombudsmani ishtirokida o‘rganilayotgani va bu haqda jamoatchilikka ma’lumot berilishi ta’kidlangan.

Avvalroq holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati prokuraturasi ham munosabat bildirgandi. 2007 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan R.A. joriy yilning 16 oktyabr kuni Buvayda tumani, Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan “Ansor” savdo majmuasida ota-onasining nazoratisiz yurgani va ushbu majmuada o‘g‘irlik qilmoqchi bo‘lganida, IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tuman IIB boshlig‘ining shu kungi qarori bilan Qo‘qon shahrida joylashgan viloyat IIB Jamoat xavfsizlik xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limiga joylashtirilgani aytilgan.

17 oktyabr kuni esa voyaga yetmagan R.A.ning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgani sababli shahar Tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilib, unga tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga “bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi” sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 18 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida, jinoyatga bevosita aloqador ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, holat yuzasidan IIB JXX HPB VEIHYOKM xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona

Baholaganlar

740

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing