BMTda yana Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilindi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi kecha, 12 dekabr kuni Falastin-Isroil mojarosi hududida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi yana bir rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda BMT axborot xizmati xabar berdi.

Rezolyutsiya Misr va Mavritaniya tomonidan tayyorlangan. Uning mualliflari hujjat faqat insonparvarlik maqsadlarida yaratilganini ta’kidlaydi. BMT Bosh Assambleyasida mazkur rezolyutsiya qabul qilinishi uchun 153 davlat ovoz bergan bo‘lsa, 10 davlat bunga qarshi chiqdi, yana 23 davlat ovoz berishda betaraf qoldi.

Qabul qilingan hujjatning asosiy jihatlari o‘t ochishni to‘xtatish va xalqaro huquq normalariga rioya qilish talablaridir. Xususan, rezolyutsiyada barcha garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini ta’minlash talab qilinadi.

Shu bilan birga, BMT Bosh Assambleyasi AQSHning HAMAS harakatini qoralashni talab qilgan tuzatishini rad etdi.

Uchrashuvda BMT Bosh Assambleyasi AQSH va Avstriya tomonidan kiritilgan tuzatishlarni rad etdi. Ulardan birinchisi HAMAS harakatini qoralashni talab qilgan bo‘lsa, ikkinchisi garovga olinganlar HAMAS va boshqa guruhlar qo‘lida ekanligiga aniqlik kiritilishi haqida edi.

BMT press-relizida aytilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish uchun ovoz berganlar orasida Rossiya, Eron, Xitoy Braziliya, Ispaniya, Kuba, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Fransiya, Shveysariya va Shvetsiya ham bor. 23 davlat, jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya va Ukraina betaraf qolgan. O‘nta davlat, jumladan Isroil, AQSH va Avstriya rezolyutsiyaga qarshi chiqqan.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Turkmanistondan boshqa hamma davlat (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston) BMT hujjati qabul qilinishi uchun ovoz bergan. Kecha, 12-dekabr kuni Neytralitet kunini nishonlagan Turkmaniston esa betaraf qolgan.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida ham BMT Bosh Assambleyasi bir guruh arab davlatlari tomonidan tayyorlangan Falastin-Isroil mojarosi hududida zudlik bilan sulh tuzishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Noyabr oyida esa BMT Bosh Assambleyasi Isroilni Golan tepaliklarini ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi.

9 dekabr kuni AQSH BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiyaga veto qo‘ydi. Qo‘shma Shtatlar BAA delegatsiyasi tomonidan ovozga qo‘yilgan rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan yagona kengash a’zosi bo‘ldi. Yana 13 davlat, jumladan, Rossiya, Xitoy va Fransiya hujjatni yoqlab ovoz bergan, Britaniya esa betaraf qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh BMT Falastin Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing