BMT vakillari AQSH qidiruvga bergan “Tolibon” yetakchisi bilan uchrashdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari Afg‘oniston Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy bilan uchrashdi. Bu haqda “Sputnik” nashri xabar berdi

BMT elchisi Debora Layons va BMT Xavfsizlik boshqarmasi vakillari kecha, 15 sentyabr kuni Sirojiddin Haqqoniy bilan uchrashdi. Uchrashuvda Afg‘onistondagi BMT hamda barcha gumanitar xodimlar hech qanday to‘siqsiz va xavfsiz ishlashi zarurligi ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, unda Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni yaxshilash, iqtisodiyotni qayta tiklash, davlat xizmatchilari va tibbiyot xodimlariga ish haqini to‘lash, shuningdek, yordamga muhtojlarga dori-darmon va oziq-ovqat yetkazib berish kabi masalalar ham ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumot uchun, Sirojiddin Haqqoniy AQSH Davlat departamenti tomonidan o‘ta xavfli xalqaro terrorchi, deya e’lon qilingan va qidiruvga berilgan. Amerika u haqdagi ma’lumotlar uchun 10 million dollar mukofot va’da qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, AQSH harbiylari Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy missiyani joriy yilning 31 avgust kuni to‘liq yakunladi. Biroq, amerikaliklar afg‘on diyorini tark etishni yakunlamasidan 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyat almashdi. “Tolibon” 15 avgust kuni Qobulga kirib borishdi va ertasi kuni urush tugagani haqida e’lon qildilar. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani “qirg‘in-barotni oldini olish maqsadida” mamlakatni tark etdi.

6 sentyabr kuni toliblar Afg‘onistonning 34 provinsiyasidan eng so‘nggisi – Panjsher ular nazoratiga o‘tganini e’lon qildi. Ertasi kuni Afg‘oniston muvaqqat hukumatining yangi tarkibi e’lon qilindi.

Qayd etish kerakki, AQSHni holdan toydirgan Afg‘onistondagi kampaniyani Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi Prezidentlar yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlari olib chiqib ketildi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT

Baholaganlar

192

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing