BMT sudyasi vatandoshini qullikka majburlagani uchun 6 yilga qamaldi

Olam

image

Buyuk Britaniyaning Oksford Qirollik sudi BMT sudyasi va ayni paytda Uganda Oliy sudining sudyasi bo‘lgan Lidiya Mugambeni o‘z vatandoshini xizmatchi va bola parvarishi ishlariga majburlagani uchun 6 yil-u 4 oy qamoq jazosiga hukm qildi. Kecha, 2 may kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudya Mugambe aybni jabrlanuvchiga yuklashga uringanini va “hech qanday pushaymonlik” ko‘rsatmaganini ta’kidladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, 50 yoshli Mugambe Buyuk Britaniya immigratsiya qonunchiligini buzish maqsadida til biriktirish, ekspluatatsiya maqsadida safar uyushtirish, majburiy mehnatga jalb qilish hamda guvohni qo‘rqitishga urinish kabi ayblovlar bilan sudlangan. U bu jinoyatlarni Oksford universitetida huquq bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayotgan paytda sodir etgan.

Ismi oshkor etilmagan jabrlanuvchi ayol sudda Ugandaga qaytishdan xavfsirayotgani, hayotiga tahdid borligini aytgan. U onasini endi hech qachon ko‘rmasligi mumkinligini bildirib, Buyuk Britaniyada boshpana olgan.

Mugambening advokati Pol Raudnits sudda uning “muvaffaqiyatli yuridik faoliyati” haqida gapirib, Mugambe keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini aytgan. Sud majlisi oldida bir guruh odamlar “Lidiya Mugambe uchun adolat!” degan shiorlar bilan chiqish qilgan. Biroq sudya hukm e’lon qilayotib, bu “juda qayg‘uli ish” ekanini ta’kidlagan va Mugambening inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xizmatlarini e’tirof etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uganda Oliy sudining ham sudyasi bo‘lgan 49 yoshli Mugambe Uganda oliy komissari o‘rinbosari Jon Leonard Mugerva bilan yosh ayolning Buyuk Britaniyaga kelishini tashkillashtirish uchun noqonuniy til biriktirgani aniqlangandi. Mugambe yosh ayolni Buyuk Britaniyada bepul ishlashga va bolalariga qarashga majburlagan, uning huquqiy savodsizligidan foydalanib, mamlakatga kelish maqsadi haqida yolg‘on gapirgan.


Maqola muallifi

Teglar

qullik Uganda BMT sud'yasi Lidiya Mugambe

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing