BMT Rossiya va AQSHni o‘yinbuzuqilik qilmaslikka chaqirdi
Olam
−
10 avgust 2022
7766Strategik hujum qurollarini qisqartirish va cheklash to‘g‘risidagi shartnoma (SHQQCHSh) Qo‘shma Shtatlar va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida yadroviy qurollarni cheklash bo‘yicha yagona ikki tomonlama kelishuvdir. Tomonlar uning qoidalariga to‘liq rioya qilish uchun javobgardirlar. Bu haqda Nyu-Yorkdagi brifingda BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik jurnalistning Rossiya Federatsiyasi o‘z ob’ektlarini SHQQCH shartnomasi bo‘yicha inspeksiya faoliyatidan vaqtincha olib qo‘yayotgani haqidagi rasmiy ma’lumotlarga izoh berib aytib o‘tdi.
BMT vakili SHQQCH shartnomasi xalqaro tinchlik, yadro xavfsizligi va yadro qurolini tarqatmaslik rejimining muhim elementi ekanligini ta’kidladi.
“Ikkala tomon ham kirish bilan bog‘liq barcha muammolarni hal qilishi va inspektorlarga ushbu juda muhim shartnomaning [ijro etilishini] tekshirish bo‘yicha o‘zlarining muhim ishlarini davom ettirishlariga imkon berishlari kerak”, deydi Stefan Dyujarrik.
U Bosh kotib hozir Osiyo mamlakatlariga safar qilayotganini, bu safar yadro quroli masalasi diqqat markazida ekanini eslatgan.
Hozir BMT rahbari o‘zini yadrosiz hudud deb e’lon qilgan Mo‘g‘ulistonda. Keyin Bosh kotib Seulga boradi va u yerda Koreya yarimorolidagi vaziyat muhokama qilinadi.
“Aytganimdek, SHQQCH shartnomasi ikki eng qudratli yadroviy davlat o‘rtasida qolgan yagona kelishuvdir. Va menimcha, barcha tomonlar uning to‘liq hurmat qilinishini ta’minlash uchun javobgardir”, degan Dyujarrik.
Avvalroq Rossiya TIV Moskva ushbu shartnoma bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkaziladigan ob’ektlarini SHQQCH shartnomasi bo‘yicha tekshiruv faoliyatidan vaqtincha olib qo‘yayotgani haqida xabar bergandi. Bu haqda Vashingtonga ham ogohlantirish yuborilgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, Rossiya ob’ektlarining SHQQCH doirasidagi tekshiruv faoliyatidan chiqishiga Qo‘shma Shtatlarning yaqin kunlarda tekshiruv o‘tkazish niyati sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi