Litva Amerikaning yadro qurolini qabul qilishga tayyorligini bildirdi
Olam
−
03 iyun 1742 2 daqiqa
Litva o‘z hududida Amerika yadroviy qurolini joylashtirish ehtimoli bo‘yicha AQSH bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda mamlakat Milliy mudofaa vaziri Robertas Kaunas jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Financial Times” gazetasining xabar berishicha, AQSH Vashington tomonidan oddiy harbiy yordamning qisqartirilishi ularning xavfsizligini zaiflashtirmasligiga ittifoqchilarini ishontirish maqsadida shu paytgacha ushbu dasturga jalb etilmagan NATOning Yevropa mamlakatlarida yadroviy qurol joylashtirish ssenariysini ko‘rib chiqmoqda. Gazetaning uch nafar suhbatdoshiga ko‘ra, AQSHning yadroviy zaryadlarni tashishga qodir bo‘lgan samolyotlarini joylashtirish masalasi muhokama qilinmoqda.
“Litva, shubhasiz, bu jarayondan chetda turgani yo‘q”, deydi Kaunas.
Litva Konstitutsiyasi mamlakatda ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni taqiqlaydi. Biroq Prezident Gitanas Nauseda mavjud tahdidlarni sabab qilib ko‘rsatib, asosiy qonunga o‘zgartirishlar kiritish taklifi bilan chiqqan.
Ayni paytda AQSHning yadroviy qurolga ega samolyotlari Yevropa Ittifoqining to‘rtta davlati – Belgiya, Germaniya, Italiya va Niderlandiya, shuningdek, Turkiya va o‘z yadroviy quroliga ega bo‘lgan Buyuk Britaniyadagi bazalarda joylashgan.
Litva Putin yadroviy qurol joylashtirishga qaror qilgan Belarus bilan chegaradosh. May oyida Belarus va Rossiya harbiylari ushbu qurolni qo‘llashni mashq qilishni o‘z ichiga olgan o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazgan, Putin va Aleksandr Lukashenko mashg‘ulotlar jarayonini masofadan turib nazorat qilgan. Janubi-g‘arbda Litva, shuningdek, Rossiyaning Kaliningrad viloyati bilan ham chegaradosh hisoblanadi.
Shvetsiyaning SVT telekanali bir yil avval sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilib, Rossiya o‘z shimoli-g‘arbiy chegaralari yaqinidagi, jumladan, Kaliningrad viloyatidagi yadroviy qurol joylashtirilishi mumkin bo‘lgan bir qator bazalarni modernizatsiya qilgani haqida xabar bergan. 2024 yilning aprel oyida Polshaning o‘sha paytdagi Prezidenti Anjey Duda ushbu viloyatda yadroviy kallakli raketalar joylashtirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Polsha rahbarlari so‘nggi oylarda Fransiya va Buyuk Britaniya yoki AQSH tomonidan yadroviy soyabon shaklidagi himoyaga ega bo‘lishdan manfaatdor ekanliklarini bildirmoqda. FT manbalarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda NATOning sharqiy qanotidagi davlatlar, jumladan, o‘sha Polsha va ba’zi Boltiqbo‘yi mamlakatlari Vashingtonga o‘z qiziqishlarini ma’lum qilmoqda.
Live
Barchasi