AQSH O‘zbekistonda ko‘zlagan maqsadiga erishdimi?
Tahlil
−
20:03 800 4 daqiqa
Joriy yilning 19 oktyabr kuni Samarqandda AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari ishtirokida C5+1 formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda biz turgan Kongress markazida ushbu muhim xalqaro tadbirga tayyorgarlik ishlari avjida.
18 oktyabr kuni Samarqandga yetib kelgan AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 200 dan ortiq biznes vakillaridan iborat Amerika tijorat delegatsiyasiga boshchilik qilmoqda. Tashrif doirasida u C5 guruhiga kiruvchi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning yuqori lavozimli rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi. Bu – AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning lavozimga kirishganidan buyon O‘zbekistonga ilk tashrifi.
Xo‘sh, Amerika diplomatiyasi rahbarining tashrifi O‘zbekistonga qanday foyda keltiradi? O‘tgan yili Vashingtonda o‘tkazilgan C5+1 formatidagi uchrashuvga bu yil Samarqandning mezbonlik qilishi qanday xalqaro ahamiyatga ega?
“C5+1” qachon tashkil topgan?
“C5+1” – Markaziy Osiyoning besh davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasidagi diplomatik muloqot platformasi. Ushbu formatga 2015 yil 26 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasi doirasida asos solingan. O‘sha paytda AQSH Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, mintaqaviy siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik masalalarida muntazam muloqot mexanizmini yaratish tashabbusini ilgari surgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, 2015 yil 1 noyabr kuni “C5+1” formatidagi dastlabki rasmiy uchrashuv Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Yana yillar o‘tib, 2026 yilning 19 oktyabr kuni AQSH va Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari yana Samarqandda bir stol atrofida jam bo‘ldi.
Xo‘sh, nega aynan Samarqandda? Bu shunchaki diplomatik an’anami yoki mintaqada geosiyosiy vaziyat o‘zgarib, AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan manfaatlari va ustuvor yo‘nalishlari yangilanayotganidan dalolatmi? Bugungi uchrashuvning 2015 yildagi muloqotdan farqi nimada va bu jarayonda iqtisodiy hamkorlik qanday o‘rin tutadi? Bu savollarga 29 yildan beri AQSHda yashab, Amerika banklarining moliya siyosatlaridan xabardor bo‘lgan, va AQSHdagi Oppenheimer bankining Sharqiy Yevropa bo‘yicha boshqaruvchi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Farhod Inog‘omboyevdan javob olishga harakat qildik.
AQSH bilan 12 milliard dollarlik yangi kelishuvlar
Sammarqandda 200 ortiq biznes vakillaridan iborat AQSH delegatsiyasiga boshchilik qilgan Marko Rubioning tashrifidan kutilgan iqtisodiy natijalar kunning ikkinchi qismida e’lon qilindi.
O‘zbekiston va AQSH savdo, investitsiyalar va texnologiyalar sohasida umumiy qiymati $12 mlrd bo‘lgan 54 ta kelishuvni imzoladi. Qalampir.uz B2G uchrashuvlarida qatnashgan xorijiy va mahaliy tadbirkorlardan O‘zbekistonda qaysi sohalarga sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani bilan qiziqdi.
“AQSH uchun O‘zbekistondagi qaysi sohalar muhim? Albatta, Vashingtonning amaldagi ma’muriyati va mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim yo‘nalishlardan biri – ishonchli va barqaror mineral xomashyo yetkazib berish zanjirlariga ega bo‘lish. O‘zbekiston bu borada zarur imkoniyatlarni taqdim eta oladi.
Men Vashingtonda joylashgan North Coast Communications kompaniyasi prezidentiman. Kompaniyamiz butun dunyo bo‘ylab PR xizmatlari, hukumat bilan aloqalar va strategik kommunikatsiyalar yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. C5+1 ajoyib muloqot platformasiga aylandi. Men vakillik qilayotgan AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar tobora kengaymoqda. Iqtisodiy ko‘priklar va biznes aloqalari qurilmoqda. Biz xususiy sektor vakili sifatida hukumatlardan minnatdor bo‘lishimiz va boshqa kompaniyalar bilan kelajakdagi hamkorlikdan xursand bo‘lishimiz kerak”, deydi North coast communication kompaniyasi direktori.
Bitimlarda GE Aerospace, Wabtec, Citigroup, BlackRock va Amazon Leo kabi kompaniyalar ishtirok etadi. Loyihalar aviatsiya, temir yo‘l transporti, energetika, konchilik, moliya va raqamli texnologiyalar sohalarini qamrab oladi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri – transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishdan iborat.
GE Aerospace kompaniyasi Uzbekistan Airways aviakompaniyasining yangi samolyotlari uchun dvigatellar yetkazib berishni nazarda tutgan. Wabtec bilan hamkorlik esa temir yo‘l texnikasi va ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan.
Kelishuvlarning yana bir qismi moliya sektori va milliy kompaniyalarning xalqaro kapital bozorlariga chiqishi bilan bog‘liq.
Franklin Templeton, Oppenheimer & Co., Citigroup va BlackRock bilan tuzilgan bitimlar institutsional investorlarni jalb qilish, xalqaro moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga qaratilgan.
Konchilik sohasida ReElement Technologies, Traxys va Trafigura kompaniyalari bilan hamkorlik konlarni o‘rganish va o‘zlashtirish, texnologik hamkorlik hamda mineral resurslarni yetkazib berishni qamrab oladi.
Boshqa tashabbuslar Amazon Leo ishtirokida sun’iy yo‘ldosh aloqasini rivojlantirish, GE HealthCare bilan tibbiy texnologiyalarni joriy etish va Valmont Industries bilan qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.
Umuman olganda, kelishuvlar energetika, raqamli texnologiyalar, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini ham qamrab oladi.
Uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo hajmi yil boshidan buyon 35 foizga oshgani qayd etildi. Hozir ikki davlat fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, konchilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va moliya sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.
“Bu forum – savdo markazi bo‘libgina qolmay, ko‘p yillar davomida innovatsiyalar markazi ham bo‘lgan tarixiy shaharda o‘tkazilayotgan noyob imkoniyat hisoblanadi. Kompaniyalar, maslahatchilar, yirik investorlar va hukumat vakillarini bir joyga jamlash O‘zbekiston va butun mintaqaga ko‘proq e’tibor va kengroq imkoniyatlardan foydalanish imkonini beradi. Aslida, kapital bozori investorlarini mintaqaga jalb qiladigan omil ham shu”, deydi Oppenheimer bankining xalqaro biznes yo‘nalishi bo‘yicha bosh ijrochi direktori.
Live
Barchasi