BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari orasida Afrika vakili ham bo‘lishi kerak – Guterrish
Olam
−
05 Sentabr 2023
3386Birlashgan millatlar tashkilotini isloh qilish uchun Afrika davlatlaridan biri BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosiga aylanishi kerak. Bu haqda bugun, 5 sentyabr kuni BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish Nayrobida bo‘lib o‘tgan Afrika iqlim sammitida so‘z ochdi.
“Bizga umumiy jihatdan rivojlanayotgan mamlakatlar, xususan Afrika mamlakatlari uchun ma’qul keladigan arxitekturaga ega xalqaro moliya tizimi zarur. Shuningdek, BMT Afrika kamida bitta doimiy o‘ringa ega bo‘ladigan Xavfsizlik Kengashining islohotiga muhtoj”, degan Guterrish.
Bosh kotib global institutlar Ikkinchi jahon urushidan keyin, ko‘plab Afrika davlatlari hali mustamlakachi davlatlar hukmronligi ostida bo‘lgan paytlarda shakllanganini eslatgan.
"Bugun biz bu adolatsizlikning Afrika rivojlanishida qanday rol o‘ynashini ko‘ryapmiz. Global institutlar o‘z faoliyatini kuchaytirishi, Xalqaro moliya institutlaridan tortib, Afrikaning doimiy o‘rni yo‘q bo‘lgan BMT Xavfsizlik Kengashigacha Afrikaning ehtiyojlari va salohiyatiga qit’a vakilligini kafolatlashi va ularga javob qaytarishi kerak", deydi BMT Bosh kotibi.
Qayd etish joizki, Guterrish oldin ham BMTning aksariyat davlatlari jahon tashkiloti Xavfsizlik kengashini isloh qilish zarurligini tan olishini aytgan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa BMT Xavfsizlik kengashini G‘arb davlatlari hisobiga emas, balki Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi vakillari hisobiga kengaytirish kerakligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi 15 ta davlatdan iborat bo‘lib, ulardan 5 tasi (Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH va Fransiya) doimiy a’zolikka, qolgan 10 tasi esa ikki yil muddatga uning tarkibiga saylanadi.
LiveBarchasi