Guterrish Erondagi namoyishlarga munosabat bildirdi
Olam
−
12 yanvar 2924 2 daqiqa
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Erondagi zo‘ravonlik haqidagi xabarlardan hayratda qolganini va barcha eronliklar o‘z noroziliklarini qo‘rqmasdan ifoda eta olishlari kerakligi bildirdi. Uning bu haqdagi bayonoti kecha, 11 yanvar kuni BMT saytida e’lon qilindi.
Keltirilishicha, Antoniu Guterrish Eron rasmiylari tomonidan namoyishchilarga nisbatan haddan tashqari kuch ishlatilgani, oqibatda yuzlab odamlar halok bo‘lgani va yana ko‘plab odamlar jarohat olgani haqidagi xabarlardan dahshatga tushgan.
“Barcha eronliklar o‘z shikoyatlarini tinch yo‘l bilan va qo‘rqmasdan ifoda eta olishlari kerak. Xalqaro huquqda mustahkamlangan so‘z erkinligi, birlashish va tinch namoyishlar huquqlari to‘liq hurmat qilinishi va himoya qilinishi kerak”, deydi BMT Bosh kotibi.
U Eron rasmiylarini maksimal darajada vazmin bo‘lishga va “keraksiz yoki nomutanosib” kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirgan. BMT rahbari, shuningdek, Tehron axborotga kirishni ta’minlashi, jumladan, aloqani tiklash choralarini ko‘rishi kerakligini aytgan.
Yevropa Parlamenti prezidenti Roberta Metsola ham namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. U ijtimoiy tarmoqlarda “ko‘chalardagi jasur qizlar, talabalar, erkaklar va ayollar”ga murojaat qilgan.
“Sizning vaqtingiz keldi. Bilingki, muloqotni to‘sib qo‘yadigan har qanday rejim o‘z xalqidan qo‘rqadigan rejimdir”, deydi Metsola.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa ham hozirgi vaziyatda o‘z burchini anglashi va choralar ko‘rishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida, Eron rahbariyatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabrdan beri to‘xtovsiz davom etmoqda. Eron xavfsizlik kuchlarining namoyishchilarga qarshi qattiq choralari va internet cheklanishiga qaramay, olomon Tehron va boshqa yirik shaharlar ko‘chalariga chiqqan. Namoyishchilar qozonlarni taqillatib, Eron Oliy rahnamosiga murojaat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li, muxolif Rizo Pahlaviy mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari yangi bosqichga o‘tayotganini aytib, eronliklarga ularning yolg‘iz emasligini va yaqin vaqt ichida chetdan yordam kelishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi