Baxtiyor Saidov BMT bosh qarorgohida Guterrish bilan uchrashdi
Olam
−
28 Sentabr
2097O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida Bosh Assambleyaning 79-sessiyasi arafasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining salomini yetkazdik va Bosh kotib janoblariga BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi boshlangani va Kelajak sammiti muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladik. BMT Kotibiyati va tuzilmalarining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar dasturini doimiy qo‘llab-quvvatlashini yuksak qadrlaymiz”, deya yozgan Saidov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 79-sessiyasining umumiy muhokamasida mamlakat nomidan so‘zga chiqdi. Vazir sessiya chog‘ida O‘zbekiston nomidan rivojlanayotgan davlatlar imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida xalqaro moliya tizimini isloh qilish; barcha uchun xavfsiz, foydalanish mumkin bo‘lgan raqamli texnologiyalar bilan ta’minlash; iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni, ayniqsa, Markaziy Osiyoning zaif mintaqalarida kuchaytirish; ayollar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish; terrorizm va korrupsiyaga qarshi kurashishda harakatlarni birlashtirish; Markaziy Osiyo va undan tashqarida transport koridorlari va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish; Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolari uchun o‘quv markazini Global o‘quv markaziga aylantirishni taklif qildi.