BMT Xavfsizlik Kengashi peyjerlar portlashi ortidan favqulodda yig‘iladi
Olam
−
19 Sentabr
2829Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi (BMT Xavfsizlik Kengashi) Livandagi voqealarni muhokama qilish uchun ertaga, 20 sentyabr kuni tushdan keyin favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan Sloveniya Jazoirning favqulodda yig‘ilish talabini qabul qilganini e’lon qildi.
Shunga ko‘ra, BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishi juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, 17 sentyabr kuni Livanning turli hududlarida “Hizbulloh” a’zolarining peyjerlari portlagan edi. Hodisa oqibatida 2,8 mingga yaqin odam jarohat olgan, 12 kishi halok bo‘lgan, ular orasida 10 yoshli qiz ham bor. Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib, “Reuters” Isroilning “Mossad” razvedka xizmati peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanning Gold Apollo kompaniyasining 5000 peyjeriga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatganini xabar berdi. Gold Apollo kompaniyasi esa “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan peyjerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, Budapeshtda ro‘yxatdan o‘tgan BAC Consulting KFT kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, BAC Tayvan brendidan foydalanishi mumkin, lekin mahsulotni mustaqil ravishda ishlab chiqaradi.
Kecha, 18 sentyabr kuni esa Livan sharqidagi Bekaa hududida aloqa vositalari ommaviy tarzda portlab ketdi. Hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan.
LiveBarchasi