BMT “kattalari” Afg‘oniston bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi. Ular “Tolibon”dan nima kutyapti?

Olam

image

Kecha, 30 avgust kuni BMT Xavfsizlik Kengashi “Tolibon” nazoratiga o‘tgan Afg‘onistondan xorijiy davlatlar fuqarolari va afg‘onlarning xavfsiz chiqib ketishini ta’minlash maqsadida Buyuk Britaniya va Fransiya hammuallifligida tayyorlangan rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ushbu hujjatni Rossiya va Xitoydan tashqari BMTga a’zo 13 ta davlat qo‘llab-quvvatlagan. Rossiya Federatsiyasining xalqaro tashkilotdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenziyaning ta’kidlashicha, tashabbus mualliflari Moskvaning asosiy xavotirlarini e’tiborsiz qoldirgan.

Rezolyutsiyaga ko‘ra, Afg‘oniston endi boshqa davlatlarga hujum qilish, terrorchilarni yashirish yoki o‘qitish, terrorchilik hujumlarini rejalashtirish yoki moliyalashtirish uchun tramplin sifatida foydalanilmasligi kerak. Unda toliblarga ham bir necha majburiyatlar yuklatiladi.

Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatdagi barcha kuchlar muhtoj aholiga yordam berish uchun BMT, uning ixtisoslashgan idoralari va hamkorlari uchun xavfsiz va to‘siqsiz kirishni ta’minlashi kerak. Hujjat mualliflari barcha tomonlarning xalqaro gumanitar huquqi va inson, jumladan ayollar hamda bolalarning huquqlarini ta’minlashga chaqirmoqda.

Inklyuziv siyosiy kelishuvga erishish doirasida bu jarayonda xotin-qizlarning teng ishtiroki ko‘zda tutilgan.

Qayd etish joizki, Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishidan bir soat o‘tib, Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston hududidan qo‘shinlarini olib chiqib ketish va Qobuldan tinch aholini evakuatsiya qilish hamda uning butun harbiy kampaniyasi yakunlanganini e’lon qilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Taliban

Baholaganlar

104

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing