BMT Afg‘onistonga qo‘shni davlatlardan qochqinlar uchun chegaralarni ochib qo‘yishni so‘radi
Olam
−
14 avgust 2021
10130Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan davlatlarni janglardan panoh izlagan mamlakat aholisiga chegaralarni yopmaslikka chaqirdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
BMT vakili Shabiya Mantuning kecha, 13 avgust kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda aytishicha, shu yil boshidan beri 400 mingga yaqin afg‘onistonlik o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.
“Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarlik Afg‘onistondagi keskin inqiroz sharoitida qo‘shni davlatlarni chegaralarni ochiq saqlashga chaqiradi. Bu yil boshidan beri 400 mingga yaqin tinch aholi o‘z uylarini tashlab ketdi”, deydi Mantu. U shuningdek, 2020 yil oxiriga kelib mamlakatda 2,9 million kishi harbiy keskinlik sabab ko‘chib yurishga majbur bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Afg‘onistondagi joriy holatga qaramay, BMT ushbu davlatdagi delegatsiyasini hali evakuatsiya qilmagan. Qayd etilishcha, Afg‘onistonda xalqaro tashkilotning umumiy hisobda 720 ga yaqin xodimi diplomatik faoliyat olib boradi. Biroq, pandemiya sharoitida ularning ishchi shtabi 300 ga qadar qisqartirilgan. Qolgan qismi esa masofadan turib ishlashda davom etmoqda.
So‘nggi paytlarda Afg‘onistondagi vaziyat yanada keskinlashdi. “Tolibon” Afg‘onistondagi bir necha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarni, jumladan mamlakatning ikkinchi eng yirik shahri — Qandahor, G‘azni va Hirotni egallab oldi. OAVda esa mamlakat Prezidenti Ashraf G‘anining Afg‘onistonni tark etishi haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.
Qayd etish kerakki, Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistondan kelgan qochqinlar uchun o‘z chegaralarini ochib berishi savol ostida. Chunki qochqinlar safida ushbu davlatlarga terrorchi guruhlarning jangarilari kirib kelishi ehtimoli, yo‘q emas. Shu sabab, Afg‘oniston bilan eng uzun umumiy chegaraga ega bo‘lgan Tojikiston qochqinlar uchun chegara yaqinida yirik lager qurmoqda. Bunday lagerga O‘zbekistonda ham ehtiyoj tug‘ilishi mumkin, agar afg‘onistonlik qochqinlar uchun chegarasini ochib bersa, albatta. Biroq rasmiylar bunday inshoot o‘zbek-afg‘on chegarasi yaqinida qurilmayotganini aytmoqda.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi