BMT afg‘on ayollariga qo‘yilgan barcha cheklovlarni bekor qilishni talab qildi
Olam
−
25 Sentabr
2463Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarlo afg‘on hukumatidan mamlakatning ayol aholisiga nisbatan barcha kamsituvchi cheklovlarni zudlik bilan bekor qilishni talab qildi. Bu haqda u BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi tadbirda so‘z ochdi.
Uning eslatishicha, BMT Afg‘oniston bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun Doha jarayoniga boshchilik qilmoqda. Bu jarayon bosqichma-bosqich yondashuvni o‘z ichiga oladi.
“Biz de-fakto afg‘on hukumatidan boshqaruvni yanada inklyuziv qilishini, ayollar va qizlar huquqlari va umuman inson huquqlarini hurmat qilishini hamda terrorizm va narkotiklarga qarshi samarali kurashni kuchaytirishini kutamiz. Buning evaziga xalqaro hamjamiyat o‘z cheklovlarini asta-sekin yumshatadi”, deb ta’kidladi Rozmari DiKarlo.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” o‘z majburiyatlarini bajarishga majbur bo‘lishi kerak.
“Maqsad “Tolibon”ni birinchi navbatda afg‘on xalqi va xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishga majburlash. Afg‘oniston xalqaro hamjamiyatga qaytishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘l shu”, deya qo‘shimcha qildi u.
Joriy yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi shunday uchrashuvda DiKarlo va boshqa ko‘plab ishtirokchilar ayollar va qizlarga nisbatan qabul qilib bo‘lmaydigan cheklovlar masalasini ko‘tarib, bu jahon hamjamiyatining “Tolibon” bilan o‘zaro hamkorligiga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi.
“Tolibon” afg‘on fuqarolik jamiyati bilan uchrashishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, maxsus vakillar fuqarolik jamiyati, jumladan, afg‘on ayollari bilan alohida muzokaralar o‘tkazgan. Biz Dohadagi ushbu uchrashuv de-fakto rasmiylar bilan yanada mazmunli muloqotda yangi bobning boshlanishi bo‘lishiga umid qildik”, deya ta’kidladi DiKarlo.
Uning aytishicha, Afg‘onistonda yaqinda qabul qilingan “Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish to‘g‘risida”gi qonunning ayollarga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar qo‘yishi bu jarayonni orqaga qaytarishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” so‘nggi vaqtlarda jamoat tartibi bo‘yicha qator cheklov va taqiqlar joriy etgandi. Jumladan, zarurat bo‘lmaganda ayollarga ko‘chaga chiqishni, sotuvchilar bilan savdolashishni hamda begona erkaklarga qarashni taqiqlagandi.
Jasmina Rasulova
LiveBarchasi