“Nafas olishdan boshqa hammasi”. Afg‘on ayollariga bugun nimalar taqiqlangan?
Tahlil
−
20:15
25982021 yilda Afg‘oniston hokimiyatini egallagan “Tolibon” harakati bugungi kunga kelib ko‘plab davlatlar bilan aloqalarni o‘rnatishga urinmoqda. Bunday aloqalarda O‘zbekiston yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya kabi davlatlar “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish, elchilarini qabul qilish kabi muhim siyosiy qadamlar tashlamoqda.
Ammo joriy yilning 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti akkreditatsiya qo‘mitasining yig‘ilishida ketma-ket 4-yil Afg‘oniston doimiy vakili o‘rindig‘iga egalik qilish masalasi keyinga qoldirildi. Bunga sabab sifatida esa muvaqqat hukumatning ayollar huquqlarini cheklayotgani, ta’lim olish, ishlash bilan bog‘liq taqiqlar ko‘rsatilgan.
Aynan mana shu taqiqlar, BMT talablarining mamlakatda bajarilmayotgani O‘zbekistonni ham “Tolibon” hukumatini rasman tan olishdan tiyib turibdi.
QALAMPIR.UZ esa qo‘shni Afg‘onistonda “Tolibon” hukumatining dunyo miqyosida va O‘zbekiston tomonidan rasman tan olinmayotganiga sabab bo‘layotgan ayollarga qo‘yilgan taqiqlarni sanab beradi.
Ayollar va qizlarning ta’lim olishi
2021 yil 17 sentyabr kuni “Tolibon” muvaqqat hukumati o‘rta maktablarni faqat o‘g‘il bolalar uchun qayta ochishga qaror qildi va shu tariqa qizlarning o‘rta ta’lim olish huquqini amalda man etdi. “Tolibon” rasmiylari bu qarorni “xavfsizlik nuqtai nazaridan” deb izohlagan, ammo xalqaro hamjamiyat bu izohni inkor etdi va buni ayollarga nisbatan gender kamsitish sifatida baholadi. Ushbu qaror bilan Afg‘oniston dunyoda aholisining yarmiga o‘rta ta’lim olishni taqiqlagan yagona davlatga aylandi.
“Agar kasbim bo‘lmasa, o‘qishimga ruxsat berishmasa, xavfsizlikning men uchun hech qanday ahamiyati yo‘q. Bu xavfsizlik faqat “Tolibon” uchun kerak”, degan o‘shanda tibbiyot sohasida ta’lim olayotgan bir afg‘on qizi.
Bu fikr esa ko‘plab afg‘on ayollari orasida umidsizlik va norozilikni aks ettirgan.
2022 yil 21 dekabr kuni “Tolibon” ayollarga nisbatan ta’lim olish bo‘yicha cheklovlarni kuchaytirib, ularning universitetlarda o‘qish huquqini ham bekor qildi. Ushbu qaror o‘qish va kasbiy rivojlanish orzusida bo‘lgan minglab afg‘on ayollari uchun katta zarba bo‘ldi.
“Tolibon”ning bu qarori Afg‘oniston poytaxti Qobulda ayollar ishtirokida norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Namoyishlar kichik ko‘lamda bo‘lib o‘tsa-da, ularning asosiy talabi ta’lim olish huquqini tiklash edi.
Ammo bu harakatlar samara bermadi. Aksincha, “Tolibon” ayol-qizlarga ta’lim olish nima uchun cheklanganini so‘rashni ham taqiqlab qo‘ydi. Ilojsiz qolgan ayollar esa o‘z uylarida to‘garaklar ochib, ta’lim olishni davom ettirdi. Biroq bu ham uzoqqa cho‘zilmadi.
2022 yilning fevral oyida “Tolibon” muvaqqat hukumatidagi Haj va vaqf ishlari vazirligi tomonidan Qobuldagi bir qator ta’lim muassasalariga turarjoy binolarida to‘garaklar tashkil etishni taqiqlash bo‘yicha xat yuborildi. Yuborilgan xatda hatto ayollarga masjidlar qoshidagi diniy maktablarda dars berish ham taqiqlangandi.
Istirohat bog‘lariga tashrif buyurish
2022 yil 11 sentyabr kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollarning istirohat bog‘lariga tashrif buyurishini taqiqlab qo‘ydi. Afg‘onistonning “axloq politsiyasi” mamlakatdagi barcha ko‘ngilochar bog‘larga ayollarning kirishini taqiqlashni buyurdi.
Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi vakillari bu qarorni tasdiqlab, ayollar uchun istirohat bog‘lariga kirish taqiqlanganligini ma’lum qildi. Yangi qoidaga ko‘ra, bog‘larda odamlar jinsga qarab ajratilishi va ayollar uchun alohida kunlar ajratilishi kerak edi. Bu qoida barcha jamoat bog‘lariga, shu jumladan ochiq joylar va hammomlarga nisbatan ham qo‘llanilgan.
Nohukumat tashkilotlarida ishlash
2022 yil 25 dekabr kuni “Tolibon” boshqaruvi Afg‘onistondagi barcha mahalliy va xorijiy nohukumat tashkilotlarga ayol xodimlarning ishlashini to‘xtatishni buyurdi. Ushbu taqiq inson huquqlari va ayollar huquqlariga nisbatan qattiq cheklovlarning navbatdagi bosqichi sifatida baholandi.
“Tolibon” muvaqqat hukumati esa bu qarorni ba’zi ayol xodimlarning musulmonlarga xos kiyinish qoidalariga amal qilmagani bilan izohladi.
Shuningdek, bu taqiq talaba qizlarning universitetlarda o‘qishini taqiqlash qaroridan bir necha kun o‘tib qabul qilindi. Universitetlar taqiqi ayollarning ta’lim olish imkoniyatini to‘liq bekor qilgan bo‘lsa, ishga nisbatan cheklovlar ularning iqtisodiy mustaqilligini yo‘q qilishga qaratilgan edi.
Go‘zallik salonlariga kirish
2023 yilning yanvar oyida “Tolibon” rahbariyati mamlakatdagi ayollar uchun go‘zallik salonlarini yopishni buyurdi. Buning uchun ularga 10 kun muddat berilgan. Bundan tashqari, harakat vakillari ayollarga savdo markazlarida ishlashni ham taqiqladi.
Ayollarni erkak shifokorlar davolashi
2023 yil 7 yanvar kuni “Tolibon” Afg‘onistonning Balx viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalarida erkaklar va ayollar uchun qat’iy gender bo‘linishini joriy qilish haqida buyruq berdi. Unga ko‘ra, erkak shifokorlarga ayol bemorlarga xizmat ko‘rsatishi va erkak shifokorlarning ayollarga ajratilgan xonalarga kirishi man etilgan. Erkaklar va ayollar uchun alohida xonalar tashkil etilishi buyurilgan.
Bundan oldin, 2022 yil 25 noyabrda “Tolibon”ning Nangarhor viloyatida ayollarning erkak yo‘lboshchisiz shifoxonaga borishi ham taqiqlangan edi.
“Tolibon” bu qarorni masjid imom-xatiblari orqali juma namozlarida e’lon qilib, aholiga qat’iy rioya qilishni topshirgan. Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi esa ushbu cheklovlarga rasmiy izoh bermagan.
Ayollarga erkak tikuvchilarga kiyim tiktirish
2023 yilning 4 mart kuni “Tolibon” ayollar uchun yana bir noodatiy taqiqni qo‘ydi. Endilikda ular erkak tikuvchilarga kiyimlarini tiktirishi man etildi.
Afg‘onistonning Parvon viloyati markazidagi Charikar shahrida istiqomat qiluvchi erkak tikuvchilar ayollar uchun kiyim tikishni taqiqlovchi og‘zaki buyruq olganligini aytdi. Shundan so‘ng faqat ayollar uchun xizmat ko‘rsatadigan tikuvchilar o‘z do‘konlarini yopishga majbur bo‘lgan.
“Do‘kon ijarasi – 10 000 afs (113 dollar) va boshqa xarajatlar ham bor. Biz ularni ayollar kiyimini tikish orqali qoplardik”, deydi tikuvchi Muxtor Sekandariy.
“Parvon” tikuvchilik uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatdagi tikuvchilarning aksariyati cheklovlar oqibatida ishsiz qolgan, ayrimlari esa mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.
Biroq mahalliy rasmiylar bu da’voni inkor etib, tikuvchilarga faqat ba’zi bir ko‘rsatmalar berilganini aytgan.
“Ularga kiyim-kechak tikishga ruxsat berilgan va ular uchun mahalliy to‘siqlar yo‘q, lekin ayollarning o‘lchamini erkaklar olishi mumkin emas”, deydi Parvon hokimi Hikmatulloh Shamim.
BMT idoralarida ishlash
2023 yil 4 aprel kuni “Tolibon” Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Afg‘onistondagi mahalliy ayol xodimalariga ishlashni taqiqladi.
“Bizga turli kanallar orqali taqiq butun mamlakatga taalluqli ekanini xabar qilishdi”, deydi BMT Bosh kotibining matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.
Dyujarrik taqiqni “nomaqbul va tushunarsiz” deb atadi hamda bu gumanitar tashkilotlarning ko‘makka muhtoj odamlarga yordam berish imkoniyatiga putur yetkazishi mumkinligini ta’kidladi.
Restoranda ovqatlanish
2023 yilning 10 aprel kuni Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Hirot viloyatida “Tolibon” oilalar va ayollarga bog‘lari yoki yashil hududlari bo‘lgan restoranlarga kirishni taqiqladi. Bu choralar diniy ulamolar va jamoatchilik vakillarining bunday joylarda jinslar aralashuvi haqidagi shikoyatlaridan keyin qabul qilingan. “Tolibon” taqiqqa jinslarning aralashib ketgani va ayollarning noto‘g‘ri hijob o‘rashi sababli ekanini bildirgan.
Hayit kuni ko‘chaga chiqish
“Tolibon” muvaqqat hukumati 2023 yilning aprel oyida Tahor va Bag‘lon viloyatlarida Ramazon hayiti vaqtida ayollarning sayr qilishini taqiqlash haqida buyruq bergandi.
Sotuvchilar bilan savdolashish
Joriy yilning 11 sentyabr kuni “Tolibon” muvaqqat hukumatidagi ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi ayollarga nisbatan cheklovlarni yanada kuchaytirdi. Jumladan, ayollarga sotuvchilar bilan savdolashish taqiqlandi.
“Tolibon”ning ayrim viloyatlardagi axloq politsiyasi erkaklarga xotinlari borasida tegishli buyruq chiqargan. Ular ayollar sotuvchilar bilan savdolashganida, ularning ovozi begona erkaklar tomonidan eshitilishi va bu “erkaklarni yo‘ldan ozdirishi”ni da’vo qilgan. “Tolibon”ga ko‘ra, ayollar gapirmasdan va savdolashmasdan xarid qilishi kerak.
Ayollarga ayollar bilan gaplashish
Turli aqlga sig‘mas taqiqlarni joriy etishda davom etayotgan “Tolibon” joriy yilning 28 oktyabrida ayollarga nafaqat erkaklar, balki boshqa ayollar bilan ham ochiqchasiga gaplashishni taqiqladi.
Muvaqqat hukumatning ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish bo‘yicha vaziri vazifasini bajaruvchi Xolid Hanafiyning bayonotiga ko‘ra, ayollar o‘z ovozini boshqa ayollar eshitishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Shu sababli Afg‘onistondagi ayollarga Qur’onni ayollar bor joyda ovoz chiqarib o‘qish ham man etilgan.
Ushbu qaror xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin tanqid qilinib, inson huquqlarining va ayollar erkinliklarining muntazam ravishda buzilayotganidan dalolat beruvchi navbatdagi choralar sifatida baholandi.
Yuzi ochiq holda yurish
Avgust oyida muvaqqat hukumat ayollarning jamoat oldida yuzi ochiq holda gapirishini va ko‘rinishini taqiqladi. Mazkur taqiq Afg‘onistondagi birinchi rasmiy deklaratsiyaga kiritilgan va 114 sahifa 35 moddadan iborat hujjatda bayon etilgan.
“Biz sizni ishontirib aytamizki, bu islomiy qonun fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlarni yo‘q qilishda katta yordam beradi”, dedi vazirlik vakili Maulvi Abdul G‘afar Faruk.
Deklaratsiyaning 13-moddasida mamlakat ayollari har doim jamoat joylarida badanlarini yopib yurishlari shartligi, “vasvasaga tushmaslik va boshqalarni ham vasvasaga solmaslik” uchun yuzlarini yopishi zarurligi qayd etilgan. Kiyim, qonunga ko‘ra, yupqa, tor yoki qisqa bo‘lmasligi kerak.
“Tolibon”ning fikricha, ayolning ovozi intim narsa hisoblanadi, shuning uchun ular jamoat joylarida qo‘shiq aytmasligi, xitob qilmasligi va ovoz chiqarib o‘qimasligi kerak. Shuningdek, ayollarning mahram bo‘lmagan erkaklarga qarashi ham man etildi.
“Tolibon” Hirotdagi ayollar kafesini yopdi
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati noyabr oyida Hirot shahridagi ayollar kafesining faoliyatini to‘xtatdi.
Hirotdagi muvaqqat hukumat vakillari kafening yopilishini tasdiqlagan, ammo aniq sabablarni ko‘rsatmagan. Oldinroq, o‘zini “Tolibon” deb tanishtirgan guruh agentlari, kafelarda ayollar hijobni to‘g‘ri kiyishmasligini va musiqa tinglashda davom etayotganini aytib, kafelarni yopish bilan tahdid qilgan.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, hozirda Hirot shahrida faqat beshta ayollar kafesi faoliyat yuritmoqda. Bu kafelar “Tolibon” erkaklar bor joylarga ayollarning kirishini taqiqlaganidan so‘ng ayol tadbirkorlar tomonidan ochilgan.
Kafe egalari esa muvaqqat hukumat ayollar uchun yagona yig‘ilish joyi bo‘lgan kafelarning yopilishini bahona izlayotganini, bu orqali ayollarni psixologik bosimdan xalos bo‘lish, qahva ichish yoki o‘qish uchun yig‘iladigan yagona imkoniyatdan mahrum qilishni maqsad qilganini ta’kidlashgan.
Shunday qilib, “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollar uchun cheksiz-chegarasiz taqiqlar joriy qilishda davom etmoqda. Bu esa uning butun dunyoda davlat va yangi hukumat sifatida tan olinishiga ulkan to‘siq bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev ham QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida muvaqqat hukumat BMT talablarini to‘liq bajarmagunicha va ayollarga nisbatan to‘siqlarni to‘xtatmaguncha uning de-fakto hukumati O‘zbekiston tomonidan rasmiy tan olinmasligini aytgan edi.
Farangiz Qosimova
LiveBarchasi
16:25