G7 Afg‘onistonning xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuviga yordam bermoqchi
Olam
−
26 noyabr
667“Yettilik guruhi” (G7) Afg‘onistonga xalqaro hamjamiyatga qayta integratsiyalashuvida yordam berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda G7 Tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Italiyadagi joriy uchrashuvida tayyorlangan bayonotida aytiladi.
“Biz mamlakatdagi og‘ir va kuchayib borayotgan gumanitar inqirozni bartaraf etish uchun yordam ko‘rsatishda davom etamiz. Biz Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashga sodiqmiz. Afg‘onistonning o‘zi va qo‘shnilari bilan hamjihatlikda yashashi, xalqaro hamjamiyatga to‘liq integratsiyalashuvi va xalqaro majburiyatlarni bajarishi maqsadiga faqat Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2721-sonli (2023 yil) va 2593-sonli (2021 yil) BMTning mustaqil baholashiga muvofiq mamlakat kelajagiga oid inklyuziv va vakillik siyosiy jarayon orqali, afg‘on ayollarining to‘liq, teng, xavfsiz va mazmunli ishtirokini ta’minlash orqali erishish mumkin”, deyiladi hujjatda.
Shuningdek, G7 mamlakatdagi “Tolibon” harakati siyosatini tanqid qildi.
AQSH 2021 yil bahorida Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish qarorini e’lon qilganidan keyin “Tolibon” harakati Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya boshladi. O‘sha yilning 15 avgustida “Tolibon” Qobulga jangsiz kirib keldi va 7 sentyabrda muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi. Shundan beri mamlakatni "Tolibon" boshqarib kelmoqda. Biroq hech bir davlat uni rasman tan olmagan. Bunga "Tolibon" xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘yilgan majburiyatlarni bajarmayotgani sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, G7 eng rivojlangan mamlakatlarning norasmiy birlashmasi bo‘lib, har yili moliyaviy, iqtisodiy va siyosiy masalalarni muhokama qilish uchun forumlar o‘tkazadi. G7'ga Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Yaponiya kiradi. Yevropa Ittifoqi ham muntazam ishtirok etadi. G7 ta’sis hujjati, protsessual qoidalar yoki kotibiyatga ega emas, lekin a’zolarining iqtisodiy va siyosiy salmog‘i tufayli u jahon iqtisodiyoti va xalqaro tashkilotlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi.
LiveBarchasi
26 noyabr