Blue Origin kosmik turizm dasturini muzlatadi
Olam
−
01 fevral 1693 2 daqiqa
Milliarder Jeff Bezosga tegishli Blue Origin aerokosmik kompaniyasi suborbital kosmik turizm dasturini kamida ikki yilga muzlatishga qaror qildi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bunday qarorning asosiy sababi kompaniyaning barcha muhandislik va moliyaviy resurslarini NASA bilan tuzilgan shartnomalarni bajarishga yo‘naltirish istagi bo‘lgan. Gap Artemis dasturi doirasida astronavtlarni Oyga qaytarishni maqsad qilgan qo‘nish modulini ishlab chiqish haqida ketmoqda.
Oy bo‘yicha shartnoma qiymati 3,4 milliard AQSH dollariga baholanmoqda, bu esa turistik parvozlardan olinadigan daromaddan ancha yuqori. AQSH hukumati 2030 yilga borib Yer yo‘ldoshida doimiy tayanch punktini barpo etishni rejalashtirmoqda.
New Shepard dasturi faoliyati natijalari quyidagicha:
- 2021 yildan buyon raketa G‘arbiy Texasdan 38 marta uchirilgan;
- kosmos chegarasida (100 kilometrdan yuqorida) 98 nafar yo‘lovchi bo‘lgan;
- sayyohlar orasida Jeff Bezosning o‘zi, aktyor Uilyam Shatner va xonanda Keti Perri ham bo‘lgan;
- olti kishilik ekipaj bilan so‘nggi parvoz o‘tgan hafta amalga oshirilgan.
Kosmosga uchishni istaganlar navbati yillar davomida shakllanganiga qaramay, kompaniya o‘z sa’y-harakatlarini qayta taqsimlagan. Mutaxassislar New Shepard’ning qayta foydalanish tajribasini og‘ir yuk tashuvchi New Glenn raketasini yaratishda qo‘llagan. Kutilishicha, ushbu tashuvchi past Yer orbitasiga 45 tonnagacha yuk chiqarish imkoniga ega bo‘ladi.
Oyga oid ambitsiyalardan tashqari, Blue Origin 5 ming 408 ta sun’iy yo‘ldoshdan iborat TeraWave aloqa tarmog‘ini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda va Marsga yo‘naltirilgan missiyasini ham davom ettirmoqda. 2024 yilda uchirilgan zondlar Qizil sayyoraga 2027 yil kuzida yetib borishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Jeff Bezos Blue Origin kompaniyasini 2000 yilda, Amazon tashkil etilganidan olti yil o‘tib asos solgan. Kompaniya loyihalari raketalar va kosmik kemalardan tortib, kosmik stansiyalar hamda Oyga qo‘nish modullarigacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarni qamrab oladi. New Shepard raketasining kosmosga ilk parvozi 2015 yilda amalga oshirilgan.
Live
Barchasi