Blogerning telefonini olib qo‘ygan soliqchilar ishdan bo‘shatildi – Behzod Musayev
Jamiyat
−
16 iyun 2019
5508Davlat soliq qo‘mitasi bir necha kun avval Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bloger Azizbek Ashurboyevning huquqlari buzilganligiga doir e’lon qilingan xabar bo‘yicha vaziyatni o‘rganib chiqdi.
Qo‘mita raisi Behzod Musayevning ta’kidlashicha, o‘rganish natijasida 2019 yil 7 iyun kuni Aziz Ashurboyevning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida reklama joylashtirishi bilan bog‘liq nazorat tadbirida Mirobod tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari O.Ziyayev va Sh.Hasanov o‘z vakolatlari doirasidan chetga chiqqanliklari va soliq organlarining kasb odobi qoidalarini buzganligi aniqlandi.
“Aziz Ashurboyev tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikni bartaraf etish uchun uning shaxsiy uyali aloqa telefonini tortib olmagan holda, tushuntirish ishlarini olib borish va zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bilan kifoyalanish lozim edi.
Kasbiy faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun ushbu xodimlar lavozimidan ozod etildi.
Kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi bunday nizolarni hal qilish mexanizmini joriy etish masalasini qonuniy va axloqiy jihatlarini hisobga olgan holda ko‘rib chiqishga kirishdi.
Davlat soliq qo‘mitasi o‘z faoliyati ochiqligini ta’minlashdan manfaatdor bo‘lib, bu yo‘lda jurnalistlar va blogerlar bilan yaqin hamkorlik qilish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va qonuniy huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanligini bildiradi”, deyiladi Qo‘mita xabarida.
Joriy yilning 12 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Blogerni tunagan qaroqchi” sarlavhali maqola tarqaldi. Unda Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 300 ming obunachisi bo‘lgan bloger Aziz Ashurboyev 8 iyun kuni reklama masalasida ushrashuvga borib, reklama uchun 400 ming so‘mni olgan vaqtida begona shaxslar yetib kelishgani, ular o‘zlarini soliqchilar sifatida tanishtirib, telefonini olib qo‘yishgani, «Instagram»dagi sahifasining parollarini o‘zgartirib, sahifasiga ega chiqishgani, ijtimoiy tarmoqdagi boshqa sahifalaridagi yozishmalarini ham kuzatishayotganidan shikoyat qilgandi.
13 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi direktori Komil Allamjonov o‘zining Twitter`dagi sahifasida DSQga murojaat qilib, bloger Aziz Ashurboyev bilan bog‘liq holat o‘rganib chiqilib, inspektorning xatti-harakati qonunga zidligi aniqlansa unga nisbatan chora ko‘rilishini talab qilgandi.
Keyinroq Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev blogerdan uzr so‘radi.
14 iyun kuni Bosh prokuratura shaysiy mulki soliqchilar tomonidan olib qo‘yilgan bloger bo‘yicha munosabat bildirdi va blogerlik faoliyati himoya ostida ekanini ta’kidladi.
LiveBarchasi