Bloger Otabek Sattoriy qamoqdan ozod qilindi
Jamiyat
−
05 fevral
13917Bugun, 5 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudida 6 yilga qamalgan bloger Otabek Sattoriyning sudga kiritgan iltimosnomasi ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi va u ozod etildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati sudlari ma’lum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 may kunidagi hukmi, Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 15 iyuldagi ajrimi va Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2022 yil 5 apreldagi ajrimi o‘zgartirilib, 6 yil ozodlikdan maxrum qilish jazosiga keltirilgan Otabek Sattoriyning sudga kiritgan iltimosnomasi ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi.
Shu tariqa sudning ajrimi bilan Otabek Sattoriy 2024 yil fevral oyining 5 kuniga qadar o‘talmay qolgan 2 yil 11 oy 25 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 74-moddasi (jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish) 3-qismi “v” bandiga asosan axloq tuzatish ishi jazosiga almashtirilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi foydasiga undirilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 maydagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgandi. Unga 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Shuningdek, blogerning qamalishidan so‘ng “Human Rights Watch” xalqaro tashkiloti Sattoriyning qamalishini mamlakatdagi so‘z erkinligiga zarba, deb baholagandi.
Bundan tashqari, shubhali diniy mazmundagi materiallar saqlagani va uni boshqa shaxslarga tarqatganlikda ayblanib, 7 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev ozodlikka chiqqandi.
LiveBarchasi