Otabek Sattoriyning apellyatsiya sudi boshlandi
Jamiyat
−
29 iyun 2021
7825Bugun, 29 iyun kuni soat 11:00 da Surxondaryo viloyat sudi binosida sudlanuvchi Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur jinoyat ishi Samarqand viloyat sudining apellyatsiya sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 maydagi hukmiga ko‘ra, O. Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Bugungi sud majlisida sudga raislik qiluvchi Samarqand viloyat sudi sudyasi I. Hamidov tomonidan sud tarkibi e’lon qilinib, hozir bo‘lgan sud ishtirokchilariga ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntirilgan.
Shundan so‘ng taraflarda sudlov hay’ati tarkibini rad qilishga oid arzlar yoki iltimoslar bor yoxud yo‘qligiga aniqlik kiritilgan. Sudlanuvchi Otabek Sattoriy prokuror va sudlov hay’ati tarkibiga raddiya bildirgan. Uning raddiyasi taraflarning fikri o‘rganilgan holda hal etilib, qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Shuningdek, sudlanuvchi Otabek Sattoriy va uning himoyachisi Sh. Xolmurodov sudga iltimosnoma kiritib, sudlanuvchi Sattoriyning otasi A. Sattoriyni himoyachi sifatida ishtirok etishga ruxsat berilishini so‘radi. Ushbu iltimosnoma Jinoyat-protsessual kodeksining 423-moddasi (sud majlisida ajrim chiqarish tartibi) tartibida hal etilib, qanoatlantirildi hamda A. Sattoriy himoyachi sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilingan. Unga Jinoyat-protsessual kodeksining 53-moddasi (himoyachining huquq va majburiyatlari)da nazarda tutilgan huquqlari hamda majburiyatlari tushuntirilgan.
Shuningdek, sud muhokamasining tayyorlov qismida jabrlanuvchi T. Shopo‘latov va O‘. Turdiyevning himoyachisi “Surxon Adolat ximoyasi” advokatlik byurosi advokati S. Mamatqulovaning sog‘ligi yomonlashganligi bois sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi, sudlanuvchining himoyachisi Toshkent shahar “Adolat sari” advokatlik byurosi advokati Sh. Xolmurodov ishga yangidan kirishganligi sababli jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish, sud muhokamasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur vaqt berilishiga oid iltimoslari ko‘rib chiqilgan. Iltimosnomalar asosli ekanligi inobatga olinib, keyingi sud majlisi 2021 yil 30 iyun kuni soat 10:00 ga qoldirildi.
LiveBarchasi