Bloger Bobur G‘aniyevning qamalishi “zakaz”mi? So‘z advokatga
Jamiyat
−
02 Oktabr 2021
13806Ichki ishlar vazirligi Yo‘l-patrul xizmati xodimlari faoliyatini yoritish bilan shug‘ullanib kelayotgan bloger Bobur G‘aniyevning oldiga hech kimni kiritmaslik bo‘yicha og‘zaki topshiriq bo‘lgan. Bu haqda blogerning advokati Sadriddin Abubakirov QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova bilan suhbatda ma’lum qildi.
G‘aniyevning oila a’zolari bilan birga mahbuslarni vaqtincha saqlash maskani “Panelniy”ga yetib borgan advokat ichkariga kiritilmaganidan noroziligini bildirar ekan, inson huquqlari toptalayotgani, mijozi bilan ko‘rishishi kerakligini urg‘uladi.
“Nima sababdan mijozim bilan ko‘rishishga ruxsat berilmayotgani haqida so‘raganimda, vazir muovinining karantin cheklovlari bo‘yicha buyrug‘i borligini aytishyapti. Karantin munosabati bilan maxsus ko‘rsatma kelmaguncha, ichkariga kiritish mumkin emasmish. Ko‘zimizni oldida boshqa advokatlar ichkariga kirishdi. Shu bilan birga boshqa fuqarolarning yaqin qarindoshlari tomonidan kiyim-kechaklar kiritildi. Advokatlar bo‘yicha qonun bor. Shu qonunga asosan men kirishim kerak. Apellyatsiya yozishim, mijozimni u apellyatsiya bilan tanishtirishim, qo‘l qo‘ydirishim zarur. Muassasa boshlig‘i 15 sutkaga qamalganlar olib kelinganidan so‘ng, ikki kunga qadar hech kim kiritilmasligini aytdi. Ikki kun o‘tib qayta kelishga va ichkariga kirishga kelishib oldim”, deydi Bobur G‘aniyevning advokati.
Sadriddin Abubakirov Bobur G‘aniyev bilan bo‘lgan holat uning IIBga olib ketilishi, videoga olib uni tarqatilishi, qolaversa, YPX xodimini xaqorat qilganlikda ayblanib, qo‘l telefonini titkilashlariga munosabat bildirib, shunday deydi:
“G‘aniyev bilan bo‘lgan holat ma’muriy huquqbuzarlikka kiradi. Agar jinoyat bo‘lganida Jinoyat-protsessual kodeksining 221-227-moddalarida yozilgani kabi, cho‘ntagidan hamma narsalarni chiqarib qo‘yib, tintuv qilib, bayonnoma tuzish zarur edi. Boburning holatida esa ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
G‘aniyev olib ketilgan kuni kechasi turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilgan. U olib ketilib, tergov davomida cho‘ntagidan nima chiqqan yoinki qo‘l telefoni tekshirilgan vaqtda nimalar ko‘rilgani haqida hujjatlarga yoziladi. Lekin, hozirgacha bu haqda hech qanday aniq ma’lumotimiz yo‘q. Mijozimning oldiga kiritilmasligimga asosiy sabab karantin qoidalari ekanini aytishyapti. Qonun bo‘yicha advokat sifatida u bilan kirib, gaplashish huquqiga egaman. Shu bilan birga unga kiyimlar berilishi ham mumkinligi yozilgan. U olib ketilganda yozgi kiyimda bo‘lgan, hozir esa havo sovuq. Bu haqda muassasa rahbariga aytganimda ichkari issiq ekanini bildirdi”, deydi advokat Abubakirov.
Blogerning yaqinlari og‘zaki buyruq sababli ichkariga kiritilmagani, qolaversa, advokatning kirib ma’lumot olishi uchun yuqoridan ruxsat yo‘qligini iddao qilishgandi. Muassasa boshlig‘i bilan suhbatlashgan advokat bu iddaolarga o‘z munosabatini bildirib, blogerga qarshi ochilgan ish “zakaznoy” ekanini ta’kidladi.
“Tasdiqlayman. Muassasa rahbari bilan uchrashdim. U Bobur va u bilan birga kelgan 3-4 kishining oldiga hech kim va hech narsa kiritmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma bo‘lganini ma’lum qildi. U bir odam orqasidan ishdan ketishni xohlamasligini aytdi”, deydi Sadriddin Abubakirov.
Advokatga ko‘ra, muassasa boshlig‘i buyruq kimdan kelganini ochiqlamagan. Suhbat davomida mahbuslarni vaqtincha saqlash markazi boshlig‘i faqatgina buyruqqa bo‘ysunayotganini alohida urg‘ulagan.
Ma’lumot uchun, “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari keltirilgan bo‘lib, unda shunday deyiladi:
Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
- ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi va sharoitlari, o‘z huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida axborot olish;
- arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish;
- maxsus qabulxona boshlig‘iga yoki u vakolat bergan shaxslarga shaxsan qabul qilish to‘g‘risida murojaat qilish;
- o‘zlarining shaxsiy xavfsizligi va sog‘lig‘i saqlanishi ta’minlanadigan sharoitlarda saqlanish, tegishli tibbiy yordam olish;
- pochta jo‘natmalarini va yo‘qlovlarni olish hamda jo‘natish;
- advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashish;
- O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘yicha telefon orqali har kuni limitlangan bir martalik so‘zlashish;
- tungi vaqtda uzluksiz sakkiz soat uxlash;
- maxsus qabulxona hududida maxsus ajratilgan joylarda kunduzgi vaqtda davomiyligi ikki soatdan kam bo‘lmagan har kungi sayr qilish;
- diniy rasm-rusumlarni ado etish, agar bu ichki tartib qoidalarini, shuningdek boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmasa;
- mehnatga jalb qilingan taqdirda tegishli haq olish va mehnatining muhofaza qilinishi;
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bloger Bobur G‘aniyevning Ichki ishlar organlarida yerda o‘tirgani aks etgan video va suratlar tarqalgan edi. Poytaxt IIB mazkur suratlar ortidan ko‘tarilgan shov-shuvlardan so‘ng, bloger bilan bog‘liq holat yuzasidan bayonot berdi.
Unda qayd etilishicha, 30 sentyabr kuni taxminan soat 23:30 da Uchtepa tumani “Farhod” bozori ro‘parasida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz poytaxt” profilaktik tadbiri davomida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari tomonidan Epica rusumli davlat raqami 01 U 909 BB bo‘lgan avtomashina to‘xtatilgan.
Transport vositasi haydovchisi 1993 yilda tug‘ilgan Abror Kozubayevning (internet tarmog‘ida “Abror bloger” nomi bilan tanilgan) hujjatlari tekshirilgan. Shu jarayonda Epica rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida o‘tirgan 1987 yilda tug‘ilgan Bobur G‘aniyev (internet tarmog‘ida “Avtobloger Bobur G‘aniyev” nomi bilan tanilgan) YPX inspektorlarini haqorat qilib, janjal ko‘targan. IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan jamoat tartibini buzgan. Shundan so‘ng transport vositasining haydovchisi Abror Kozubayev, yo‘lovchilari Bobur G‘aniyev va O.Salimov Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan.
Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida Bobur G‘aniyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan.
Keyinroq, Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati Nilufar Isaxonova QALAMPIR.UZ bilan suhbatda IIBga olib kelingan bloger Bobur G‘aniyevning yerda o‘tirgan holatda so‘roq qilinayotgani aks etgan foto va videomateriallarni tarqatgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi