Isroilda falastinlik mahbuslarni qatl etish majmuasi qurilmoqda (video)
Olam
−
11:37 1668 2 daqiqa
Isroilning milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir terrorchilikda aybdor deb topilgan falastinliklarni osib o‘ldirish uchun qurilayotgan maxsus majmua aks etgan videoni e’lon qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ben-Gvir videoda qurilish ishlari olib borilayotgan hududni ko‘rsatib, bu yerda “terrorchilar qatl etilishi”ni aytgan. Majmuada qurbonlar oilalari qatl jarayonini kuzatishi uchun maxsus tomosha xonalari ham bo‘lishi rejalashtirilgan.
Mazkur majmua Isroil parlamenti joriy yilning mart oyida terrorchilik jinoyatlari uchun o‘lim jazosini joriy etuvchi qonunni qabul qilganidan keyin qurilmoqda. Qonunga ko‘ra, harbiy sudlarda terrorchilikda aybdor deb topilgan falastinliklarga o‘lim jazosi berilishi mumkin.
Qonun tanqidchilarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Unga ko‘ra, o‘lim jazosi Isroil davlatining mavjudligini inkor etish maqsadida qotillik sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Shu sababli yahudiy ekstremistlari amalda ushbu qonun doirasidan tashqarida qoladi.
Ben-Gvir esa yangi majmua qurilishini o‘zining avvalgi va’dalari bajarilayotganining belgisi sifatida baholagan. U terrorchilikda ayblangan mahbuslar uchun qamoqxonalardagi sharoitlarni ham keskinlashtirish tarafdori bo‘lib kelgan.
Mazkur qonun inson huquqlari tashkilotlari tomonidan ham qoralangan. Amnesty International uni falastinliklarga nisbatan kamsituvchi deb baholagan va qonun adolatli sudlov hamda inson hayotini himoya qilish bo‘yicha kafolatlarga tahdid solishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir mamlakatning Negev qamoqxonasida saqlanayotgan falastinlik mahbuslarning kiyimlari va Qur’on kitobi nusxalarini musodara qilishni buyurgandi.
Live
Barchasi