Ben-Gvir politsiya va yahudiylar hamrohligida Al-Aqso masjidiga bostirib kirdi
Olam
−
23 iyul 8567 2 daqiqa
Ishg‘olchi Isroilning o‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir politsiya qo‘riqlovi va ashaddiy yahudiylar hamrohligida ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda joylashgan Al-Aqso masjidiga yana bostirib kirdi. Bu haqda “TRT Haber” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ben-Gvir yahudiylar tomonidan Sulaymon ibodatxonasining vayron qilingan kuni sifatida nishonlanadigan va “Tisha be-Av” deb ataluvchi motam kuni munosabati bilan Al-Aqso masjidiga kirgan.
“Tisha be-Av kuni biz vayron bo‘lishni yodga olamiz. Biroq Ibodatxona tog‘ida (yahudiylar Masjidul Aqsoga beradigan nom) juda katta siljishni ham ko‘ryapmiz. Bu yerda bo‘layotgan voqealarga qarang. Yahudiylar ibodat qilyapti, o‘zlarini bu yerning egasidek his qilyapti. Bu yerda avval bunday holat hech qachon bo‘lmagandi”, degan Isroil politsiyasi va yahudiylar hamrohligida Masjidul Aqsoga bostirib kirgan Ben-Gvir.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ertalabdan buyon 1300 nafardan ortiq ashaddiy yahudiy “Tisha be-Av” bahonasida Masjidul Aqsoga bostirib kirgan. Shuningdek, Isroilning o‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir bundan avval ham bir necha bor Al-Aqso masjidiga shunday kirishni amalga oshirgan.
Mak’lumot uchun, yahudiylar “Tisha be-Av” deb ataluvchi kunni miloddan avvalgi 586 yil va milodiy 70 yilda Sulaymon ibodatxonasi vayron qilingan kun sifatida nishonlaydi. Ular har yili shu munosabat bilan Masjidul Aqsoga bostirib kiradi. Falastin tomoni esa bu harakatlarni Masjidul Aqsoning tarixiy va huquqiy maqomini buzuvchi amaliyot hamda provokatsiya sifatida baholaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Isroil Iordaniyaning Quddusdagi Al-Aqso majmuasi ustidan tarixiy vasiylik huquqini bekor qilish bo‘yicha faol ish olib borayotgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi