AQSHda 50 yil o‘limini kutgan mahbus jazodan qutilib qoldi
Olam
−
11:53 1933 2 daqiqa
AQSHning Florida shtati gubernatori Ron DeSantis 50 yil avval sodir etilgan shafqatsiz qotillik uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan 74 yoshli Uilyam Tompsonning qatl etilishiga oid orderni bekor qildi. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tompsonning qatl etilishi joriy yilning 14 oktyabriga belgilangan. Biroq gubernator kecha, 9 oktyabr kuni, qatlga besh kun qolganida, tegishli hujjatni bekor qilgan. DeSantis bu qaror sabablarini ochiqlamagan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tompson demensiya va jiddiy kognitiv buzilishlardan aziyat chekayotgani aytilmoqda. Uning advokati Brittni Leysi mahbusning sog‘lig‘i keskin yomonlashgani sababli shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni so‘ragan. Neyropsixolog Robert Ouauning xulosasiga ko‘ra, Tompson yaqinlashib kelayotgan qatlning mohiyati va sababini tushunish uchun zarur bo‘lgan aqliy qobiliyatini yo‘qotgan.
Tompson 1976 yilda Salli Ivester ismli ayolning o‘ldirilishida sherigi Rokko Surache bilan birga aybdor deb topilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkaklar ayoldan 200 dollar talab qilgan, biroq u atigi 25 dollar bera olgan. Shundan so‘ng, ular ayolni zanjirlar bilan urgan, sigaret bilan kuydirgan va shafqatsizlarcha qiynoqqa solgan. Keyin esa undan onasiga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘shimcha pul so‘rashni talab qilgan. Ivester olgan tan jarohatlari va ichki a’zolariga yetgan shikastlar oqibatida vafot etgan.
Tompson dastlab 1976 yilda o‘lim jazosiga hukm qilingan. Biroq uning jazosi keyinchalik bekor qilinib, 1982 va 1987 yillarda qatl etilishdan saqlab qolingan. U 1989 yilda yana o‘lim jazosiga hukm qilinib, shundan buyon o‘lim jazosini kutayotgan mahbuslar safiga kiritilgan.
Ma’lumot uchun, AQSH Konstitutsiyasining Sakkizinchi tuzatishi shafqatsiz va noodatiy jazolarni taqiqlaydi. Ruhiy kasallik tufayli o‘zining qatl etilishi sababi va mohiyatini anglay olmaydigan mahbuslarni qatl qilish ushbu tuzatish bilan bog‘liq huquqiy cheklovlarga duch kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset yangi tarixda ilk bor harbiy bazada sodir etilgan jinoyat uchun sobiq askar otish orqali qatl etilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi