Blinkenning inson huquqlari bo‘yicha o‘rinbosari O‘zbekistonga kelyapti
Jamiyat
−
18 may
4244AQSH Davlat kotibining fuqarolik xavfsizligi, demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha o‘rinbosari Uzra Zeya joriy yilning 19-23 may kunlari Qozog‘iston va O‘zbekistonga keladi. Bu haqda AQSH davlat departamenti xabar berdi.
Bildirilishicha, sayohatdan maqsad demokratik boshqaruv, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish, shuningdek, diniy e’tiqod erkinligi masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Qayd etilishicha, Toshkentda Uzra Zeya “Mintaqaviy muloqot” tashkiloti tomonidan konstitutsiyaviy jinoyat protsessiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanda ishtirok etadi. Anjuman davomida u O‘zbekistonda inson huquqlari va odil sudlovdan teng foydalanish bo‘yicha konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash borasida nutq so‘zlaydi.
Shuningdek, Davlat kotibi o‘rinbosari tashrif davomida yuqori lavozimli amaldorlar, fuqarolik jamiyati vakillari va inson huquqlari himoyachilari bilan uchrashib, gender tengligi, zo‘ravonlikka qarshi kurashish, diniy erkinlikni qo‘llab-quvvatlash va aholining yordamga muhtoj qatlamini himoya qilish masalalarini muhokama qiladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSHning senator Stiven Deyns hamda Vakillar palatasi qo‘mitasi raisi, kongressmen Mayk Rojers boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning mart oyida Toshkentda kelib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan edi. Davlat kotibi Entoni Blinken esa 2023 yilning mart oyida Qozog‘iston va O‘zbekistonga kelgandi.
LiveBarchasi