Blinken kutilmaganda Iroqqa bordi

Olam

image

Kecha, 5 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Iroq Bosh vaziri Muhammad al-Sudaniy bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Bag‘dodga qo‘ndi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi. 

Blinken AQSHning Iroqdagi elchisi qarorgohida Amerika ob’ektlariga tahdidlar haqida ma’lumot olgach, Iroq Vazirlar Mahkamasi rahbari bilan uchrashgan.

Keyinroq Davlat kotibi Iroq rahbariyati bilan ochiq muloqot o‘tkazgani va Qo‘shma Shtatlar G‘azodagi mojaro uning chegaralaridan tashqariga tarqalmasligi uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirayotganini aytgan.

"Biz uchun G‘azodagi mojarodan foydalanib, Iroqdagi yoki mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi xodimlarimizga tahdid solmoqchi bo‘lganlarga aniq signal berish juda muhim: bunday qilmang!” degan Blinken.

Blinken Iroqda joylashgan Amerika qo‘shinlariga eronparast kuchlar tomonidan zarbalar kuchayib borayotgan bir paytda, ikkinchi bunday hujum va tahdidlarni butunlay qabul qilib bo‘lmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Tehron bilan ziddiyatga intilmayapti.

Blinkenning aytishicha, amerikalik xodimlarga hujumlar Iroq suvereniteti masalasini ko‘taradi va bu kabi hujumlar mamlakat manfaatlariga ziddir.

Xabarlarga ko‘ra, Al-Sudaniy Iroqdagi xalqaro koalitsiya maslahatchilari joylashgan uchta harbiy bazaga, jumladan Iroq g‘arbidagi Ayn al-Assadga, Bag‘dod xalqaro aeroporti yaqinidagi harbiy bazaga va Harirga raketa hujumlari uyushtirganlarni ta’qib qilishga va’da bergan.

G‘azo masalasiga to‘xtalar ekan Blinken mintaqa kelajagi hal qilinayotganda falastinliklarning istak va intilishlari ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, u bugungi kunda G‘azoga yetib kelayotgan insonparvarlik yordami miqdori “mutlaqo yetarli emas”ligini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, AQSH Davlat kotibining Yaqin Sharq va Osiyoga turnesi boshlanganida uning Bog‘dodga borishi aytilmagandi. “The Wall Street Journal”ning yozishicha, Bag‘dodga tashrif deyarli so‘nggi daqiqada dasturga qo‘shilgan. Nashr Iroqda e’lon qilinmagan to‘xtashni Qo‘shma Shtatlar G‘azo sektori atrofidagi urush oqibatlaridan qo‘rqayotgani bilan izohlaydi. 

Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida uchinchi marta Isroilga borgan, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, Prezident Isxaak Gersog va boshqa rasmiylar bilan uchrashgandi. Blinken Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilga G‘azo sektoridagi falastinlik tinch aholi o‘rtasidagi talofatlarni minimallashtirishga qaratilgan "aniq qadamlar"ni taklif qilganini bildirgandi. Biroq Netanyaxu Isroil shiddatli hujum uyushtirayotgan G‘azo sektorida HAMAS tomonidan ushlab turilgan mahbuslarni ozod qilmasdan, vaqtinchalik gumanitar sulh tuzish taklifini rad etdi. Kecha, 4 noyabr kuni Entoni Blinken Iordaniya poytaxti Ammanda Saudiya Arabistoni, BAA, Misr va Qatar Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, Isroilning HAMAS bilan urushini muhokama qildi. Bundan tashqari u Livan Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Najib Mikati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Kecha, 5 noyabr kuni Blinken Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashish uchun Ramallohga ham bordi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Iroq Entoni Blinken Muhammad al-Sudaniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing