Blinken Kulebaga qo‘ng‘iroq qilib, dalda berdi
Olam
−
10 Oktabr 2022
5640Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 10 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan suhbatda Vashington Kiyevga iqtisodiy va harbiy yordam berishda davom etishiga ishontirdi.
“Men hozirgina Dmitriy Kuleba bilan gaplashdim. Bugun ertalab Kremlning dahshatli zarbalaridan keyin Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladim. Biz Ukraina o‘zini himoya qilishi va xalqiga g‘amxo‘rlik qilishi uchun unga iqtisodiy, gumanitar va harbiy sohalarda yordam berishda davom etamiz”, deb yozdi Blinken Twitter’da.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya bugun, 10 oktyabr kuni Kiyev markazi, Kiyev viloyati, Dnepr, Ivano-Frankovsk, Xarkov, Xmelnitskiy, Kirovograd, Lvov, Nikolayev, Sumi, Ternopol, Vinnitsa, Zaporoje va Jitomir viloyatlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi.
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 10 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan tezkor yig‘ilishda Ukrainadagi harbiy qo‘mondonlik, energetika va aloqa ob’ektlariga ommaviy zarba berilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi