Blinken Xitoyga bordi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 24 aprel kuni Xitoyga amaliy tashrifini boshlab, Shanxayga yetib bordi. Bu haqda China Media Corporation xabar berdi.

Blinken 24-26 aprel kunlari Xitoyda bo‘ladi. Bu Blinkenning AQSH Davlat kotibi sifatidagi faoliyati davomida Xitoyga ikkinchi tashrifidir. Tashrif chog‘ida Blinken "yuqori martabali Xitoy rasmiylari", xususan, Tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashishi kutilmoqda.

Blinkenning Xitoyga tashrifi oldidan o‘tkazilgan brifingda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Qo‘shma Shtatlar Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi normal munosabatlarni qoralamasligi kerakligini ta’kidlagan. Pekin, shuningdek, AQSHni xitoylik kompaniyalar va shaxslarga nisbatan bir tomonlama sanksiyalar qo‘llashni to‘xtatishga chaqirgan. Bundan tashqari, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Qo‘shma Shtatlarning Tayvanga qurol yetkazib berishni davom ettirishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan.

AQSH Davlat departamenti vakili esa Blinkenning safari yuzasidan maxsus brifingda Davlat kotibi "so‘nggi ikki yil ichida AQSH va Xitoy o‘rtasidagi intensiv diplomatik aloqalarni davom ettirish uchun" Shanxay va Pekinga tashrif buyurishini bildirgan.

Blinkenning Xitoydagi muzokaralarining asosiy mavzulari orasida Ukrainadagi mojaro, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi vaziyat, inson huquqlari va Tayvan bo‘g‘ozidagi vaziyat kabi masalalar bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Financial Times” nashri Blinken Pekinni Moskvaga harbiy yordam va ikki tomonlama texnologiyalarni yetkazib berishni to‘xtatmasa, Oq uy tomonidan jazolanishidan ogohlantirmoqchi ekanini yozgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing