Blinken Xitoy barcha davlatlarga xavf tug‘dirayotganini aytdi
Olam
−
09 fevral 2023
9776Amerika Qo‘shma Shtatlari so‘nggi bir necha yil ichida Xitoyning kuzatuv sharlari kamida beshta qit’ada ko‘rilganini va Vashington bu operatsiyalar haqida ma’lumot almashish uchun ittifoqchilari bilan aloqada ekanini ma’lum qildi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan AQSH Davlat departamentida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tgan.
“Biz Vashingtondan ham, elchixonalarimiz orqali ham dunyoning o‘nlab davlatlari bilan ma’lumot almashdik. Biz shunday qilyapmiz, chunki AQSH besh qit’adagi davlatlar suverenitetini buzgan ushbu dasturning yagona nishoni emas edi. Buning uchun kim javobgar ekanligiga kelsak, bu – Xitoy”, degan Blinken.
Amerika diplomatiyasi rahbarining aytishicha, Vashingtonning “josus shar” loyihasi haqidagi ma’lumotlari soat sayin oshib bormoqda. U yaqin kunlarda yanada batafsil ma’lumot bera olishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, NATO Bosh kotibi Stoltenberg bu masala mintaqaviy bo‘lib qolmay, global xavfsizliklikka ta’sir qilishini, shuning uchun ham Xitoy razvedkasining doimiy xavfidan xabardor bo‘lish va keyingi himoya shakllarini kuchaytirish kerakligini aytgan.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari ustidagi Xitoy shari Xitoyning xatti-harakatlari namunasini tasdiqlaydi. Bu yerda Xitoy so‘nggi yillarda yangi harbiy imkoniyatlarga, jumladan, turli xil kuzatuv va razvedka platformalariga katta miqdorda sarmoya kiritganini ko‘ramiz. Shuningdek, biz Yevropada ham turli platformalar orqali Xitoy razvedkasi faoliyatining ortib borayotganini guvohi bo‘ldik. Ular sun’iy yo‘ldoshlardan, kibertexnologiyalar va biz Amerika Qo‘shma Shtatlarida ko‘rganimizdek, sharlardan ham foydalanadi”, degan Stoltenberg.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Xitoyga tegishli “josus shar” yuzasidan Vashington va Pekinda 40 ta mamlakatdan kelgan xorijiy diplomatlar bilan brifing o‘tkazib, ularni josuslik xavfidan ogohlantirgan edi. AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Vendi Sherman ham 150 ga yaqin xorijiy diplomatlarga “josus shar” haqida ma’lumot bergandi. Xitoy tarafi esa bu ayblovlarni rad etib kelmoqda.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi