Blinken Falastin Prezidenti bilan uchrashdi
Olam
−
05 noyabr 2023
12172Bugun, 5 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashish uchun Ramallohga bordi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Aytilishicha, Entoni Blinken va Mahmud Abbos G‘arbiy Sohildagi zo‘ravonliklarni to‘xtatish zarurati borasida fikr almashgan.
“Iordan daryosining G‘arbiy sohilida osoyishtalik va barqarorlikni tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni, jumladan, falastinliklarga qarshi ekstremistik zo‘ravonliklarni to‘xtatish va aybdorlarni javobgarlikka tortish zarurligi muhokama qilindi”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Shuningdek, Blinken Abbosga G‘azo sektoridagi falastinliklar majburiy ko‘chirilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini aytgan hamda anklavga gumanitar yordam yetkazish va u yerda hayotni qo‘llab-quvvatlash tizimlarini tiklash majburiyatini yana bir bor tasdiqlagan.
Abbos esa Blinkenga zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini olib kirishga ruxsat berish zarurligini aytgan.
Blinken Falastin Prezidenti bilan hech qanday bayonotlarsiz yakunlangan uchrashuvidan so‘ng Ramallohni tark etgan.
Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida uchinchi marta Isroilga borgan, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, Prezident Isxaak Gersog va boshqa rasmiylar bilan uchrashgandi. Blinken Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilga G‘azo sektoridagi falastinlik tinch aholi o‘rtasidagi talofatlarni minimallashtirishga qaratilgan "aniq qadamlar"ni taklif qilganini bildirgandi. Biroq Netanyaxu Isroil shiddatli hujum uyushtirayotgan G‘azo sektorida HAMAS tomonidan ushlab turilgan mahbuslarni ozod qilmasdan, vaqtinchalik gumanitar sulh tuzish taklifini rad etdi. Kecha, 4 noyabr kuni Entoni Blinken Iordaniya poytaxti Ammanda Saudiya Arabistoni, BAA, Misr va Qatar Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, Isroilning HAMAS bilan urushini muhokama qildi. Bundan tashqari u Livan Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Najib Mikati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
LiveBarchasi