Blinken Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni qoraladi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken KXDR va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik chuqurlashib borayotganini qoraladi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Miller ma’lum qildi.

Blinken bu qoralovni Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Cho Tae Yol bilan tashkil qilingan telefon suhbatida ma’lum qilgan. AQSH Davlat kotibi, shuningdek, Moskva va Pxenyanni BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzganlikda aybladi.

Entoni Blinken Moskva va Pxenyan o‘rtasida qurol-yarog‘ yetkazib berish BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga zid ravishda amalga oshirilayotganini ham da’vo qildi.

“Davlat kotibi KXDR va Rossiya o‘rtasidagi chuqurlashib borayotgan harbiy hamkorlikni qoraladi. U dunyoda tinchlik, xavfsizlik va farovonlikni ta’minlashda Qo‘shma Shtatlar va Janubiy Koreya o‘rtasidagi mustahkam ittifoqning muhim ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi”, deydi Miller o‘zining yozma bayonotida.

“Nihoyat, tomonlar KXDR tufayli yuzaga kelayotgan murakkab xavfsizlik muammolarini hal qilish va Janubiy Xitoy dengizida tinchlik va barqarorlikni saqlab qolish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar”, deya qo‘shimcha qildi Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari.

19 iyun kuni Rossiya va KXDR mudofaa urushi boshlangan taqdirda zudlik bilan harbiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi har tomonlama strategik sherikchilik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yangi kelishuv Janubiy Koreya uchun xavfsizlik xavotiriga sabab bo‘lmasligini ta’kidladi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mudofaa urushi boshlangan taqdirda harbiy yordam to‘g‘risidagi band bo‘yicha faqat “potensial tajovuzkorlar”ga qarshi chiqish mumkinligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Seul Rossiya va KXDRning har ikki davlatga qarshi tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda bir-biriga yordam berish haqidagi yangi kelishuviga javoban Ukrainaga qurol yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqchi ekanligini aytgandi. Vladimir Putin esa bu bayonotga nisbatan Janubiy Koreyani Rossiyaga qarshi urushda Ukrainani qurollantirsa, “katta xatoga yo‘l qo‘yishi” haqida ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya KXDR Blinken harbiy hamkorlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing